Jahon | 07:03 / 29.01.2016
20306
3 daqiqa o‘qiladi

Business Insider sayyoramizning eng badavlat 50 kishisi ro‘yxatini chop etdi

Business Insider portali o‘zining xodimlari va Wealth-X nashri bilan birgalikda o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, sayyoraning eng badavlat 50 kishisini aniqladi.

Tadqiqot uchun dunyoning eng badavlat 110 ming kishisi haqida ma'lumotlar kiritilgan ma'lumotlar bazasi olindi. Natijada eng ko‘p darajada moliyaviy ta'minlangan 50 kishi tanlab olindi, ularga tegishli jami boylik 1,46 trln dollarga teng. Nashrning ta'kidlashicha, bu Avstraliya, Ispaniya va Meksikaning yillik yalpi ichki mahsulotidan ko‘proqni tashkil qiladi.   

Reytingning eng yuqori pog‘onasini Microsoft kompaniyasining asoschisi va sobiq eng yirik aksioneri, 60 yoshli Bill Geyts egalladi. Uning davlati 87,4 mlrd dollarga baholandi. Uning ortidan 79 yoshlik Amansio Ortega bormoqda, uning davlati 66,8 mlrd dollarga baholandi. Ortega Inditex kompaniyasi asoschisi hisoblanib, bu kompaniya 77 davlatda 5 ming do‘konga ega. Eng badavlat odamlar yetakchi uchligini dunyodagi eng taniqli investorlardan biri, 85 yoshli amerikalik Uorren Baffet yakunlamoqda, uning davlati 60,7 mlrd dollar deya baholandi.

Yetakchi o‘ntalikdan Amazon asoschisi Jyeff Bezos, aka-uka Devid Kox va Charlz Kox, Larri Ellison, Mark Tsukerberg, Maykl Blumberg va Ingvar Kamprad o‘rin oldi.

Ushbu ro‘yxatda rossiyalik milliarderlardan hech kim o‘rin olmagan, biroq 12-o‘rinni bir vaqtlar Moskvada yashagan, Google asoschilaridan biri Sergey Brin egalladi, uning davlati 37 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Shuningdek, 42-o‘rinda 16,7 mlrd dollarlik boylik bilan sobiq ittifoqning yana bir vakili Len Blavatnik turibdi. U 1978 yilda oilasi bilan AQShga ko‘chib ketgan. U o‘zining boyligini iqtisodiyotning turli sohalariga investitsiyalar kiritish bilan ishlab topgan.  

Tadqiqotlarning ta'kidlashicha, “Milliarderlar klubi”ga kirish uchun kamida 14,3 mlrd dollarlik davlatga ega bo‘lish kerak. Top 50 talikning eng oxirgi pog‘onasini egallagan 58 yoshli nigeriyalik Liko Dangote aynan shuncha boylikka ega. U investitsiyalash bilan shug‘ullanuvchi Dangote Group korporatsiyasini tashkil qilgan.  

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish