Texnologiya | 18:31 / 29.01.2016
2547
1 daqiqa o‘qiladi

Daihatsu kompaniyasi mulk sifatida «Toyota» konserni tasarrufiga o‘tkazildi

Daihatsu kompaniyasi mulk sifatida butunlay «Toyota» konserni hisobiga o‘tkazildi. Mazkur masala bo‘yicha ikki yapon avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya rahbarlarining kelishuvi «Toyota» rasmiy saytida e'lon qilindi.

Hozirgi vaqtda «Toyota» Daihatsu kompaniyasining 51,2 foiz aksiyalariga egalik qilmoqda. Qolgan 48,8 foiz aksiyalari paketi 2016 yil o‘rtalariga kelib xarid qilinishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur kelishuvning moliyaviy qiymatlari oshkor qilinmagan. Biroq norasmiy manbalarga ko‘ra, kelishuv 360,8 milliard iyenani (3 milliard dollar) tashkil qilgan.

Endilikda Daihatsu kompaniyasi ikkala kompaniyaning ham kichik turdagi avtomobillarini ishlab chiqarishga mas'ul bo‘ladi.

Toyota kompaniyasi Daihatsu bilan hamkorlikni 1967 yilda boshlangan bo‘lib, 1998 yilda kompaniya aksiyalarining nazorat paketini sotib olgandi. 2011 yilda Daihatsu Toyota markasi ostida kichik mashinalar tayyorlab, uni Yaponiya va Indoneziya hududida sotgan.