Texnologiya | 01:16 / 29.01.2016
4596
2 daqiqa o‘qiladi

Google kartondan yasalgan 5 mln dona virtual reallik ko‘zoynagini sotdi

Google kompaniyasi kartondan yasalgan Google Cardboard virtual reallik ko‘zoynagi savdolari natijalari bo‘yicha hisobot berdi.

Kompaniya 1,5 yil ichida bunday ko‘zoynaklardan 5 mln donadan ko‘proq sotgan. 2015 yil mayida bu ko‘zoynakdan ilk milliontasi sotilgandi. Google Cardboard’ni ishlatish uchun mo‘ljallangan maxsus dasturlar “Play Market” dasturlar do‘konidan 25 mln martadan ko‘proq yuklab olingan. Bundan tashqari, foydalanuvchilar YouTube’da 350 ming soatdan ko‘proq VR-video ko‘rishgan. Shuningdek, Cardboard Camera dasturi yordamida 750 mingdan ko‘proq VR-suratlar olingan.

Google Cardboard bu hamyonbop virtual reallik ko‘zoynaklari bo‘lib, magnitlar va bir nechta “yopishqoqlar”ga ega karton asos va ikkita qavariq linzadan iborat. Ko‘zoynak uchun smartfon ekran vazifasini o‘taydi. Shu sababli ko‘zoynak narxi 20 dollarni tashkil qiladi.