Jahon | 15:23 / 29.01.2016
3084
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyaning sobiq bosh vaziri poraxo‘rligi uchun sakkiz oyga qamaldi

Janubiy Koreyaning sobiq bosh vaziri Li Van Gu poraxo‘rligi uchun sakkiz oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda The Rappler xabar qilmoqda. 

Sobiq amaldor 2013 yilda deputat bo‘lib turgan vaqtida yirik tadbirkor Sun Van Chendan parlamentda uning manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 30 million von (27,4 ming dollar) miqdorida pora olganlikda aybdor deb topildi. Ushbu jinoyat 2015 yilning aprelida Sun intevryu vaqtida pora to‘g‘risida aytib o‘tganidan so‘ng yuzaga chiqdi. Shundan so‘ng Li Van Gu iste'foga chiqishga majbur bo‘ldi.

Sun Van Chen esa ko‘p o‘tmay o‘z joniga qasd qildi. O‘lim oldidan yozgan qaydida u poraxo‘rlik bilan mashg‘ul bo‘layotgan boshqa ko‘plab amaldorlar, jumladan, prezident Pak Kin Xe devonidagi yuqori lavozimli shaxslarning ham nomini sanab o‘tgan.

Bu Janubiy Koreyada poraxo‘rlik bilan bog‘liq birinchi yirik hodisa emas. 2013 yil yanvarida o‘sha paytda amalda bo‘lgan prezident Li Myon Bapning ukasi — Li San Dyk ham bankir va tadbirkorlardan 750 million von (650 ming dollar) pora olganlikda ayblangan edi. Bir yil muqaddam esa Janubiy Koreyaning birinchi xonimiga egizak aka hisoblangan shaxs poraxo‘rlik uchun ikki yil muddatga qamaldi.