Jamiyat | 17:40 / 29.01.2016
9201
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda Tojikiston fuqarosi qatl qilindi

Xitoy sudi tomonidan 51 yoshli Tojikiston fuqarosi Hasan Yusufovga nisbatan chiqarilgan o‘lim jazosi 2016 yilning 28 yanvar kuni ijro etildi. Bu haqda Tojikistonning Pekindagi elchixonasidan olingan ma'lumotga tayangan holda AP xabar bermoqda. H.Yusufov giyohvand moddalarning noqonuniy savdosida aybdor deb topilib, oliy jazoga hukm qilingan. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, hukmni yumshatish bo‘yicha olib borilgan muzokaralar samarasiz yakunlangan. Qatl amalga oshirilishidan avval esa Tojikiston elchixonasi xodimlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan.

Yusufov muqaddam Xitoydan Tojikistonga mahsulotlar yetkazib berish bilan shug‘ullangan. Besh yil avval esa Xitoyning Urumchi shahrida narkotiklar kontrabandasi aybi bo‘yicha qo‘lga olingan va keyinroq Xitoy sudi unga nisbatan o‘lim jazosini tayinlagan.

Tojik hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, ayni paytda 16 nafar Tojikiston fuqarosi, jumladan, 9 erkak va 7 ayol Xitoy qamoqxonalarida jazo o‘tamoqda. 2015 yil may oyida Tojikiston bosh prokurori Yusuf Rahmon uch ayol va bir erkakka nisbatan o‘lim jazosi, besh nafariga umrbod qamoq jazosi tayinlanganini ma'lum qilgan.

O‘z navbatida, Tojikiston qamoqxonalarida uch nafar Xitoy fuqarosi zo‘rlash, salomatlikka og‘ir zarar yetkazish va noqonuniy giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanganlik aybi bilan jazosini o‘tamoqda.