O‘zbekiston | 12:15 / 30.01.2016
8142
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik 42 nafar ingliz tili o‘qituvchisi Buyuk Britaniyada malaka oshirib qaytdi

O‘zbekistonlik 42 nafar “Yilning eng yaxshi chet tili o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi g‘olibi shu yilning 8-22 yanvar kunlari Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy o‘quv yurtida malaka oshirib qaytdi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi Axborot xizmati xabar qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarini o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash, chet tili o‘qituvchilari uchun til muhitini yaratish, xorijiy tillarni egallashning umumevropa kompetensiyasi tizimi talablari asosida o‘qitishning zamonaviy uslublarini o‘rganishi uchun 42 nafar “Yilning eng yaxshi chet tili o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi g‘olibi 2016 yilning 8-22 yanvar kunlari Buyuk Britaniyaning “St. Mark & St. John” universitetida xizmat safarida bo‘lishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va Buyuk Britaniyaning “St. Mark & St. John” universiteti o‘rtasida tuzilgan ikki tomonlama shartnoma asosida malaka oshirish uchun Buyuk Britaniyaning Devon grafligi, Plimut shahri yaqinida joylashgan nufuzli “St. Mark & St. John” universiteti tanlandi. Mazkur universitet o‘qituvchilarni qayta tayyorlash dasturlari bo‘yicha Buyuk Britaniyaning janubiy g‘arbidagi mashhur oliy ta'lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Dunyoning barcha burchaklaridan malaka oshirish kurslariga tinglovchilar tashrifi tashkil etiladi. Uning mahalliy boshlang‘ich va umumta'lim maktablari bilan o‘zaro aloqalari mustahkam yo‘lga qo‘yilgan.

Mashg‘ulotlar Sara Eychston, Brenden Nobel, Jon Friman, Maykl Xoll, Keti Salisburi, Kesi Pikles kabi universitetning tajribali mutaxassislari va professorlari tomonidan olib borildi.

Tajriba almashish davomida o‘zbekistonlik o‘qituvchilar dars o‘tishning turli usullarini, jumladan kichik guruhlarda ishlash, o‘qitishning kommunikatsion metodlaridan foydalanish, muammoli vaziyatlarda chet tilida muloqotga kirishish usullari iboralar va rolli o‘yinlar orqali o‘rgatildi.

Shuningdek, tajriba almashish davomida o‘zbekistonlik ingliz tili o‘qituvchilari Plimut shahridagi til o‘rgatish markazlari va maktablarga safar uyushtirib, u yerda “O‘zbekistonning madaniyati va urf-odatlari”, “Ta'lim tizimi” kabi mavzularda taqdimot qildilar.

O‘quvlar yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar berildi va ular uylariga juda katta bilim, tajriba, va metodikalarni olib qaytishdi. Mazkur 42 nafar malaka oshirib qaytgan o‘qituvchi tayanch maktablar bazasida chet tili o‘qituvchilari uchun joriy yilning mart-dekabr oylarida o‘tkaziladigan o‘quvlarda trener sifatida ishtirok etib, chet elda olgan bilim va ko‘nikmalarini hamkasblariga o‘rgatadi.

Xalq ta'limi vazirligi chet tilini o‘qitish tizimiga zamonaviy va ilg‘or tajribalarni joriy etish maqsadida kelgusida bu kabi hamkorlik aloqalarini davom ettiradi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish