Jahon | 23:48 / 30.01.2016
5569
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda mahbuslar uchun yangi qamoqxonalar qurilmoqda

Tojikistonning poytaxti Dushanbedan 20 km sharqda joylashgan Vaxdat shahrida 2 ming mahbusga mo‘ljallangan yangi axloq-tuzatish koloniyasi qurilmoqda. Bu turmaga Dushanbe markazida joylashgan koloniyadagi mahbuslar ko‘chirib o‘tkaziladi.

Yangi koloniya loyihasini Bolgariya kompaniyasi yaratgan.

“Dushanbedagi turma 1935 yilda qurilgan va 1,5 ming mahbusga mo‘ljallangan. Biz uni har yili ta'mirlashimizga qaramay, bino eskirib ketgan va standartlarga javob bermaydi. Shuning uchun mahbuslarni saqlash bo‘yicha xalqaro standartlarga javob beruvchi yangi turma qurishga qaror qildik”, deb aytdi “Aziya-plyus” portali manbasi.

Manbaning ta'kidlashicha, obekt qurilishi 2010 yilda boshlangan, u davlat pul ajratishiga qarab bosqichma-bosqich quriladi.

Tojikiston Adliya vazirligining Jazolarni ijro etish bosh boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, Rudakiy tumanidagi tergov izolyatorini qurish uchun ham yer ajratilgan. “Bu obekt ham Dushanbeda joylashgan, bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, shuning uchun izolyatorni shahar tashqarisiga olib chiqishga qaror qildik”, deb ta'kidlamoqda manba.

Shu bilan birga, kelgusida butun mamlakat bo‘ylab yangi qamoqxonalar qurish yoki mavjudlarini ta'mirlash rejalashtirilmoqda, chunki ularning barchasi sobiq ittifoq zamonida qurilgan va zamonaviy talablarga javob bermaydi.

Tojikistonda 18 ta axloq-tuzatish muassasa mavjud bo‘lib, ulardan 5 tasi tergov izolyatori, 8 tasi turli tartibdagi axloq-tuzatish koloniyalari, bitta balog‘atga yetmaganlar uchun tarbiya koloniyasi, bitta qamoqxona, uchta koloniya qishloq hisoblanadi.