O‘zbekiston | 15:23 / 31.01.2016
5439
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat raqobat qo‘mitasi NTMKning ayrim mas'ul shaxslarini ma'muriy javobgarlikka tortdi

Navoiy tog‘-metallurgiya kombinatining rahbar xodimlari raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda ayblanib ma'muriy javobgarlikka tortildilar. Bu haqda Davlat raqobat qo‘mitasining matbuot xizmati xabar qildi.

Vilammy LP (Buyuk Britaniya) kompaniyasi murojaati asosida olib borilgan tekshiruv ishlari yakunlariga ko‘ra shunday qaror qabul qilindi. “Navoiy TMK” DK xatti-harakatlarida porshen agregatlari yetkazish bo‘yicha tender savdolaridagi aksilmonopoliya talablarining buzilishi holatlari aniqlandi. Kombinatning rahbar kadrlari Vilammy LP’ni tender savdolarida ishtirok etishdan asossiz ravishda chetlashtirgan. Bunda sabab sifatida texnik hujjatlashtirish talablariga nomuvofiqlik ko‘rsatilgan. Ko‘rsatilgan sabab yetarli asosga ega emasligi vakolatli davlat organining tegishli xulosasidan ma'lum bo‘ldi.

Shu bilan birga, texnik hujjatlashtirish talablaridan chetlashish holati yuqoridagidan ko‘ra jiddiyroq bo‘lgan boshqa bir kompaniyaning taklifi qabul qilingan.

Ishni ko‘rib chiqqan komissiya NTMKni raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybladi. Qo‘mitaning ko‘rsatmasi asosida NTMK tomonidan tender savdolari bekor qilindi va qayta savdolar o‘tkazilishi haqida e'lon berildi. NTMKning mas'ul shaxslari ma'muriy javobgarlikka tortildi.