Jamiyat | 18:40 / 31.01.2016
37340
4 daqiqa o‘qiladi

Munisa Rizayeva nega Botir Qodirov bilan gaplashmay qo‘yganini tushuntirdi

Xonanda Munisa Rizayeva Sayyod.com saytiga bergan intervyusida Botir Qodirov bilan munosabatlari nega buzilganini tushuntirib berdi.

Muqaddam administrator Abdurasul Rahimov va prodyuser Asror Isaxo‘jayev bilan muammolarga yo‘liqqan xonanda ayrim san'atkorlar u bilan ishlagani va ishlashda davom etayotganini aytib, nolidi.

“Ayrim san'atkorlar u bilan ishlagan, faqat men emas – dedi Rizayeva. – Adashmasam, bu Jasur Umirov, Yulduz Nizomova, bugungi kunda esa Botir Qodirov. Agar Botir Qodirovga uni hurmat qilmasliklari yoqsa, marhamat”.

Jurnalistning Botir Qodirov bilan munosabatlar aynan tilga olingan shaxs tufayli buzilgani haqidagi savoliga javob berarkan, san'atkor buni tasdiqladi: “Abdurasul ham, Asror ham u bilan birga ishlagan. Ha, Botir Qodirov bilan bugungi kunda men gaplashmayapman. Chunki, masalan, agar men uning o‘rnida bo‘lganimda, qo‘ng‘iroq qilib, nega sening ikki ma'muring sendan ketdi, deb so‘rab ko‘rardim... Chunki biz Botir bilan do‘st edik. Jasur Umirov bo‘lganida boshqa gap edi. Botir Qodirov bilan esa munosabatlarimiz juda yaqin edi. Shu jihatdanki, biz do‘st edik, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlardik, men uni juda qattiq hurmat qilardim. Botir Qodirov qo‘shiq yoki boshqa masalada maslahatlashmoqchi bo‘lsa, unga maslahat berardim. Nega ma'murlarim masalasida menga hech kim qo‘ng‘iroq qilmadi? Hech narsa so‘ramadi?”.

Munisa Rizayeva Botir Qodirovdan xafa bo‘lgani uchun uning konsertida chiqish qilmaganini, lekin sozandalarini yuborganini tan oldi: “Men xafa edim. Lekin odamlar menga qiladigan ishni ularga takrorlamayman. Men uni zarba ostiga qo‘ya olmas edim. Menda ham konsert bo‘lgan edi, konsert nimaligini bilaman, negaki mening sozandalarim uning konsertida ishlashi kerak edi. Uning ishonchiga putur yetkaza olmas edim, shu bois musiqachilarim uning konsertida ishladi”.

“Men bu insonni hozir ham juda hurmat qilaman. Gaplashmayotganim esa hech narsa emas, shou-biznesda ko‘plar bilan gaplashmayman, shou-biznesda ko‘plar mendan nafratlanadi”, - xulosa qildi Rizayeva.

Ushbu masala yuzasidan Botir Qodirovning prodyuseri Abror Po‘latov bilan bog‘langanimizda u Munisa Rizayevaning konsertda ishtiroki u qadar muhim bo‘lmagani, uning o‘rnida boshqa qo‘shiqlar bor bo‘lganini ma'lum qildi.

“Kontsertda Munisa Rizayevaning sozandalari qatnashganidan xabarim yo‘q edi. Keyinroq bilsam rostan ham bitta barabanchi ishtirok etgan ekan. Biroq u 6 mahal konsert uchun arzirli gonorar oldi”, – dedi prodyuser.

Bundan tashqari, Abror Po‘latov administratorlar sababli do‘stona munosobatlardan kechib yuboradigan xonandaga nisbatan Botir Qodirov doimo yaxshi munosabatda bo‘lganini ta'kidladi.

“Ijodiy prodyuser Asror Isaxo‘jayev hamda Abdurasul Rahimovning loyihamizda o‘rni katta. Eng muhimi, ular halol, diyonatli va hech qachon hech kimning haqqiga hiyonat qilmagan”, – deb qo‘shimcha qildi Abror Po‘latov.