Jamiyat | 21:09 / 02.02.2016
32929
2 daqiqa o‘qiladi

Shohruxxon Navoiy g‘azali asosida kuylangan qo‘shig‘ini taqdim etadi

2015 yilda Zahiriddin Muhammad Bobur g‘azallarini qo‘shiq qilib, muxlislarini xursand qilgan O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Ozodbek Nazarbekov bu safar g‘azal mulkining sultoni Mir Alisher Navoiyga hurmat ramzi sifatida ajoyib tashabbus bilan chiqdi. Ya'ni xonandaning taklifi bilan Navoiy hazratlarining 12ta g‘azaliga Dilmurod Matkarimov, Nodir Umarov singari bastakorlar kuy bastaladi. Bu safar qo‘shiqlarni xonandaning yolg‘iz o‘zi kuylamaydi. Balki Alisher Fayz, Ziyoda, Malika Egamberdiyeva va boshqa qo‘shiqchilar ham ijro etadi. Qizig‘i, ularning orasida Shohruhxon ham bor.

Shohruxxonni biz zamonaviy estrada xonandasi sifatida yaxshi bilamiz. Biroq, mumtoz uslubdagi ijod namunalari, ya'ni g‘azallarga bastalangan qo‘shiqni u ilk bor kuylamoqda. Shu jihatdan bu ishni qanday va qay saviyada uddalay olishi qo‘shiq ixlosmandlari uchun qiziq bo‘lishi turgan gap.

Ozodbek Nazarbekov ijodiy jarayonga O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo hamda Azizbek Anvar kabi ijodkorlarni ham jalb qilgan. Ahamiyatlisi, tanlangan g‘azallarning birortasi shu paytgacha qo‘shiq qilinmagan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Navoiy g‘azallariga bastalangan qo‘shiqlar 8 fevral kuni Milliy akademik drama teatrida bo‘lib o‘tadigan konsertda ijro etiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish