Jahon | 10:02 / 24.02.2016
3930
1 daqiqa o‘qiladi

OAV: Xitoy Janubi-Xitoy dengizidagi bahsli orollarda qiruvchi samolyotlarni joylashtirdi

Xitoy hukumati Janubi-Xitoy dengizidagi Parasel orollaridan birida bir nechta qiruvchi samolyotlarni joylashtirdi. Bu haqda Fox News telekanaliga ikki nafar amerikalik amaldor ma'lum qildi.

AQSh razvedkasi Vudi orolida Shenyang J-11 (Su-27 samolyotining lisenzion nusxasi) va Xian JH-7 qiruvchi samolyotlarining paydo bo‘lgani haqida ma'lumotlar olgan. Shu orolda bungacha Xitoyning raketa majmualari joylashtirilgandi.

Avvalroq AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Janubi-Xitoy dengizida qurollar joylashtirilishiga qarshi chiqqandi.

Janubi-Xitoy dengizidagi Parasel orollari hududiga egalik qilish uchun Xitoy, Tayvan va Vetnam o‘rtasida bahs olib boriladi. Xitoy hukumati hududda infratuzilma, jumladan marjon qoyalarda sun'iy orollar yaratmoqda.