Jahon | 21:20 / 24.02.2016
5160
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Ukraina o‘z hududlaridan yuk mashinalari harakatlanishining to‘liq tiklanishiga kelishib oldilar

Rossiya va Ukraina o‘z hududlaridan 25 fevraldan yuk mashinalari harakatlanishining to‘liq tiklanishiga kelishib oldilar, deyilmoqda Rossiya transport vazirligi xabarida.

Ma'lum qilinishicha, Rossiya transport vazirligi va Ukraina infratuzilma vazirligi yuk mashinalari harakatlanishi, jumladan tranzitning to‘liq tiklanishiga kelishib oldilar.

24 fevralda Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk Ukraina infratuzilma vaziri Andrey Pivovarskiyning Rossiya davlat raqamlariga ega yuk mashinalarining Ukraina hududi bo‘ylab yana harakatlanishiga ruxsat berish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Ularning harakatlanish vaqtidagi xavfsizligini ta'minlash vazifasi Ukraina ichki ishlar vazirligi va milliy politsiyaga yuklatildi.

Ukrainada Rossiya yuk mashinalari harakatlanishi dastlab Ukrainaning "O‘ng sektor" va "Erkinlik" milliy partiyasi radikallari tomonidan to‘silgan. 11 fevralda ular Ukrainaning g‘arbiy chegarasidagi yo‘llarni to‘sishgan. Bu aksiya Zakarpateda boshlangan va sekin-asta Ukrainaning Rovnen viloyati, Jitomir, Lvov shaharlariga tarqagan. Ukrainaning turli hududlarida 150 taga yaqin yuk mashinasi harakatlanishi to‘sib qo‘yilgan. Rossiya bunga javoban o‘z hududi bo‘ylab Ukrainada ro‘yxatdan o‘tgan yuk mashinalari harakatlanishini to‘xtatdi, bu esa Ukraina hukumatiga Rossiya yuk mashinalarining Ukraina bo‘ylab harakatlanishiga rasmiy taqiq kiritishiga sabab bo‘lgan.