O‘zbekiston | 10:45 / 25.02.2016
2545
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat raqobat qo‘mitasida korxonalarni xususiylashtirish jarayonida britaniyalik investorlarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 19 fevral kuni Davlat raqobat qo‘mitasida tashkilot rahbari Davron Hidoyatov va Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi diplomatik missiyasi rahbari o‘rinbosari Fiona Makston o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Qo‘mita axborot xizmatining ma'lum qilishicha, suhbat davomida tomonlar 2015 yilning 5-6 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Xalqaro investitsion forum jarayonida Buyuk Britaniya kompaniyalari bilan tuzilgan kelishuvlariga asosan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ixtiyoridagi aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitalidagi ulushini tashkil etish masalasini muhokama qilishdi.

Uchrashuv davomida shuningdek, katta korxonalarni keng ko‘lamda xususiylashtirish jarayonida buyuk britaniyalik investorlarni jalb qilish masalalari ham muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasidagi aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitalida xorijiy investorlarni jalb qilishni nazarda tutuvchi imtiyozlar va preferensiyalar haqida to‘liq ma'lumotlar taqdim etildi.

Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi davlatga tegishli mulklarni xususiylashtirish masalasida faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olishdi.