Jahon | 11:45 / 25.02.2016
8087
2 daqiqa o‘qiladi

Misr prezidenti Rossiyaning A321 samolyoti halokati bo‘yicha bayonot berdi

Misr prezidenti Abdufattoh as-Sisi Sinay yarimoroli ustida qulab tushgan Rossiyaning A321 rusumli samolyoti halokatiga qo‘poruvchilik harakati sabab bo‘lganini ma'lum qildi. Bu haqida davlat boshlig‘i mamlakatning 2030 yilgacha bo‘lgan rivojlanishi to‘g‘risida qilgan ma'ruzasida e'lon qilgan.

«Terrorizmga qarshi kurash tugadimi? Yo‘q, va yana yo‘q (...) Samolyotni urib tushirganlar faqatgina turizmga zarar yetkazmoqchi edilarmi? Yo‘q, ular Rossiya, Italiya va boshqa davlatlar bilan munosabatlarimizga zarba bermoqchi edilar», uning so‘zlarini keltiradi RIA Novosti agentligi.

Bundan avvalroq, Misr hukumati halokat sabablarini o‘rganuvchi komissiyaning natijalarini kutishayotganini va hozircha voqea qanday sodir bo‘lganligining barcha taxminlarini ko‘rib chiqishayotganligini aytib o‘tgandi.

Texnik tergov qo‘mitasi dekabr oyida bergan bayonotida, rasmiy Qohira Airbus A321 halokatiga terrorchilarning aloqasi yo‘q ekani aytib o‘tilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 31 oktabrida Sharm-al-Shayxdan Sankt-Peterburg shahriga yo‘l olgan «Kogalymavia»ning Airbus A321 yo‘nalishdagi samolyoti, bortida bo‘lgan 224 kishi bilan qulab tushgan va yo‘lovchilarning barchasi halok bo‘lgan.

Terakt uchun javobgarlikni IShID ta'siridagi «Viloyat Sinay» jangari guruhi o‘z zimmasiga olgan. 16 noyabrda Kremlda bo‘lgan yig‘ilishda esa FXX boshlig‘i Aleksandr Bortnikov bu terakt bo‘lganini ma'lum qilgan.