Fan-texnika | 11:58 / 27.02.2016
3716
3 daqiqa o‘qiladi

"Vikipediya" yashirin qidiruv tizimi yaratayotgani uning rahbarining icte'foga ketishiga sabab bo‘ldi

Wikimedia Foundation ijrochi direktori Layla Tretikov "Vikipediya" Google’ning qidiruv tizimiga raqobatchi bo‘ladigan tizimni ishga tushirishga tayyorlanayotgani haqidagi ma'lumot oshkor bo‘lgandan keyin iste'foga ketdi.

"Vikipediya" muharrirlari yangi qidiruv tizimi yashirin tarzda olib borilganidan hayratlandi, chunki "Vikipediya" odatda maksimal tarzda ochiq ishlaydi. Motherboard nashri Layla Tretikovning iste'foga ketishiga nima olib kelgani haqida so‘zlab berdi.

"Vikipediya" o‘zining ochiqligi bilan tanilgan. Unda barcha narsa ochiq: "Vikipediya" uchun javob beruvchi Wikimedia Foundation tashkiloti har yili o‘z natijalari haqida hisobot beradi. Istalgan odam pullar qanday ishlatilganini bilishi mumkin. Shu sababli tashkilot ensiklopediyani qo‘llab-quvvatlashga zarur bo‘lgandan ko‘proq xayr-ehson yig‘ishi deb tanqid qilinib kelinadi. Bunda pullar top-menjyerlarning sayohati va rahbarlarning katta maoshlari uchun sarflanadi, vaholanki oddiy muharrirlar bepul ishlaydilar.

2016 yil fevral o‘rtalarida Wikimedia Foundation o‘zining qidiruv tizimini yaratish uchun grant olgani ma'lum bo‘ldi. Oshkor bo‘lgan ichki hujjatlarga ko‘ra, bu tizim "internetda butkul tijoratdan ozod bo‘lgan birinchi ochiq qidiruv tizimi" bo‘lishi kerak bo‘lgan. Motherboard nashri manbasiga ko‘ra, qidiruv tizimini "Vikipediya"dagi ma'lumotni bevosita qidiruv natijalarida ko‘rsatishni boshlagan Google’dagi trafikning kamaygani sababli yaratishga qaror qilingan.

"Vikipediya" hamjamiyati bu haqda hech narsa bilmagan. Shuning uchun OAVda bu haqda ma'lumot chop etilgandan keyin ko‘pchilik muharrirlar ijrochi direktorning iste'foga ketishini talab qilib, maktublar yozishni boshlashdi. Ular o‘zini ochiq deb aytuvchi tashkilot shunday katta loyihani yashirganidan norozi bo‘lishgan.

Wikimedia Foundation’da hech kim Google’ga raqobatchi qidiruv tizimi yaratishni rejalashtirmagani aytilgan: tashkilot versiyasi bo‘yicha, bu qidiruv tizimi "Vikipediya" ichida va uning ekotizimiga kiruvchi boshqa resurslarda qidiruvni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan. "Vikipediya" asoschisi Jimmi Ueyls (uning yuzi ensiklopediya uchun pul so‘ralganda chiqadi) qidiruv tizimi haqidagi gaplar yolg‘on ekanligini aytdi. Ensiklopediya muharrirlari bunga ishonmadilar va rahbariyat "jinoyat ustida ushlab olingandan" keyin bu rejalardan voz kechishga qaror qildi, degan xulosaga kelganlar.

Layla Tretikov 25 fevralda iste'foga ketishini e'lon qildi. U o‘zining bu qarorini kelib chiqqan mojaro bilan bog‘lamadi va Wikimedia Foundation "yangi qiyinchiliklarni eplay olishiga" ishonch bildirdi. Tretikov mart oyi oxirigacha o‘z majburiyatlarini bajaradi, so‘ngra uni o‘zining davomchisiga topshiradi.