Fan-texnika | 19:42 / 01.03.2016
7402
2 daqiqa o‘qiladi

Lamborghini yangi superkar taqdim qildi

Lamborghini kompaniyasi Jyeneva avtosalonida yangi Centenario LP770-4 superkarini namoyish qildi. Yangi mashina italyan markasi asoschisi Ferruchcho Lamborginining 100 yillik tavalludi sharafiga qurildi. Model brend tarixida birinchi marta to‘liq boshqariluvchi shassi oldi.

Past tezliklarda mashinaning orqa g‘ildiraklari oldingi g‘ildiraklarga qarama-qarshi tomonga kichik burchakka buriladi. Yuqori tezliklarda esa barcha g‘ildiraklar bir tomonga buriladi. Birinchi holatda g‘ildiraklar bazasining virtual kamayishi amalga oshiriladi va bu manyovrlikni yaxshilash va burilish radiusini kamaytirishga imkon beradi.

Yangi model Lamborghini tomonidan yaratilgan eng kuchli dvigatel bilan jihozlandi. 13 silindrli, 6,5 litrli motor 770 ot kuchiga erisha oladi.

Mashina joyidan 100 km/soat tezlikka 2,8 soniyada, 300 km/soat tezlikka 23,5 soniyada erishadi. Mashinaning maksimal tezligi 350 km/soatni tashkil qiladi.

Mashina 100 km/coat tezlik bilan kelayotganda tormoz bosilgandan keyin to‘liq to‘xtashi uchun 30 metr, 300 km/coat tezlikda esa 290 metr talab etiladi.

Model karbon monokok atrofida qurilgan. Karbondan, shuningdek, superkarning kuzov panellari ishlangan. Kupe og‘irligi 1520 kg ni, og‘irlikning dvigatel quvvatiga nisbati bir ot kuchiga 1,97 kg ni tashkil qiladi.

Centenario uchun passiv (faralar yonidagi, g‘ildirak yoylari va ostonalardagi havo yo‘naltirgichlar radiatorga havo berilishini optimallashtiradi) va aktiv aerodinamik elementlar ishlab chiqildi. Misol uchun, orqa aksqanot harakatlanish sharoitiga qarab 150 mm ga yuqoriga ko‘tarilishi va egilish burchagini 15 gradusga o‘zgartirishi mumkin.

Hammasi bo‘lib Lamborghini Centenario’dan 40 dona – 20 ta kupe va 20 rodster ishlab chiqariladi. Modelning narxi soliq hisobga olinmaganda 1,75 mln yevrodan boshlanadi. Barcha mashinalar avvaldanoq sotib bo‘lindi.