Fan-texnika | 09:42 / 01.03.2016
4924
3 daqiqa o‘qiladi

Volvo chiqindilarni yig‘uvchi robot ishini namoyish etdi

Shvetsiyaning avtomobillar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi Volvo robotlashtirilgan chiqindi yig‘uvchi mashinani muddatidan avvalroq sinovdan o‘tkazishni boshladi. Shuningdek, uning ishlash qoidalari to‘g‘risida ham ma'lumot berdi.

Volvo o‘zining Robot-based Autonomous Refuse handling (ROAR) deb nomlanuvchi yangi loyihasi haqida ilk marotaba 2015 yilning iyun oyida e'lon qilgan edi. U belgilangan hududdagi chiqindi konteynerlarini topib, ulardagi chiqindini bo‘shatuvchi va yana joyiga qatarib qo‘yuvchi o‘zi yuradigan robotni yaratishni rejalashtirgan.

Volvo ROAR`ning qanday ishlashi haqida batafsil aytib berdi. Chiqindi tashuvchi konteynerlar yaqinida to‘xtaydi, haydovchi maxsus tugmani bosadi va osmonga maxsus dron uchib chiqadi. Dron atrofni skanerdan o‘tkazib, chiqindi baklarini topadi va uning joylashuvi koordinatlarini robotga jo‘natadi.

Robot esa xotirasiga yuklangan joyning xaritasi va ma'lumotlar bilan birga chiqindi tashuvchidan chiqib, atrofdagi barcha baklarni yig‘ishni boshlaydi. GPS-qabul qiluvchi, inersiya o‘lchami moduli (Inertial Measurement Unit) va LiDAR lazer datchiklari evaziga robot o‘zini boshqara oladi va to‘siqlarni aylanib o‘ta oladi.

Boshqaruvchisiz chiqindi yig‘uvchi mustaqil ravishda chiqindini yig‘ib, yuk tashuvchiga olib boradi, chiqindini unga bo‘shatib, bakni o‘z joyiga qaytaradi. Chiqindi tashuvchi mashinaning orqasida kamera joylashtirilgan bo‘lib, ish qanday bajarilayotganidan xabardor bo‘lib turish mumkin. Agar elektronika atrofda xavf tug‘diruvchi narsalar (misol uchun, odam) bo‘lsa, robot o‘z ishini to‘xtatadi.

Chiqindi tashuvchining haydovchisi yoki uning yordamchisi robotni kabinadan turib boshqarishlari ham mumkin.

Robot-chiqindi yig‘uvchining ishlaydigan nusxasini yaratilishi uchun Volvo va uning sheriklari uchun to‘rt oy vaqt kerak bo‘ldi. Avvalroq ROAR`ning sinovi 2016 yilning iyun oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.