Sport | 18:33 / 04.03.2016
15657
2 daqiqa o‘qiladi

Qodirov Chagayevning jangini kutaverib ozib ketganini ma'lum qildi

Checheniston respublikasi rahbari Ramzan Qodirov Jahon boks assotsiatsiyasi (WBA)ning muntazam chempioni Ruslan Chagayev va da'vogar, avstraliyalik Lukas Braun o‘rtasida 5 mart kuni Grozniy shahrida o‘tkaziladigan jangni kutib, ozib ketganini ma'lum qildi.

"Ruslan jiddiy raqibga qarshi bu jangdan oldin hech qanaqa hayajonga tushayotganini sezmadim. Uning uchun men hayajonlanayapman. Jang o‘tishi aniq bo‘lgan kundan buyon o‘tgan vaqt ichida men hayajonlanishlar tufayli 8 kg vazn yo‘qotdim. Agar ertaga yoki indinga ham jang bo‘lib o‘tmasa, meni tinchlantirish uchun shifokorlar yordami kerak bo‘ladi, boshqalarning gaplari yordam bera olmay qoladi.

Chagayevning jismoniy holati va taktik tayyorgaligi yaxshi. Uning bu ustunligi hamisha qo‘l kelgan. Ruslan ringga ko‘tarilar ekan, haqiqiy temir odamga aylanadi. Hozir u o‘zini juda kuchli, avvalgi janglaridagidan ham ko‘ra kuchli his qilmoqda. Biz jang chiroyli yakunlanishini kutmoqdamiz. Butun dunyo bu jangni kutmoqda. Men Allohdan bu jangning chiroyli yakunlanishini so‘rayman", deya Qodirovning so‘zlaridan iqtibos keltiradi TASS nashri.

Ruslan Chagayev: Ringda Braunning g‘alaba haqidagi orzusini chippakka chiqaraman