Chet elda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar ish staji O‘zbekistonda hisobga olinadi
Chet elda yollangan holda ishlayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lash imkoniga ega bo‘lishdi.
"Badallar o‘z vaqtida to‘lab borilganda, chet elda ishlovchi shaxslar Qonunga muvofiq O‘zbekistonda pensiya ta'minoti huquqiga ega bo‘ladilar", deyiladi lex.uz saytida keltirilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qarorida.
Shaxslar Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lash sharti bilan Qonunga muvofiq davlat pensiya ta'minoti huquqiga ega bo‘lishadi. Bunda pensiya miqdori Pensiya jamg‘armasiga to‘langan sug‘urta badallari miqdori va ish stajining davomiyligiga bog‘liq bo‘ladi, deb ta'kidlanadi Vazirlar Mahkamasi Qarorida.
Qarorda keltirilishicha, chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs, soliq agenti hisoblanmagan ish beruvchidan daromad oluvchi xodim, shuningdek dehqon xo‘jaligi a'zosi (dehqon xo‘jaligi boshlig‘idan tashqari) Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallarini ixtiyoriy ravishda to‘laydi. Ushbu Nizomning 3-bandida ko‘rsatib o‘tilgan shaxslar ish stajiga ular faoliyat yuritgan va Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lagan davrlar kiritiladi.
Dehqon xo‘jaligi a'zosi va oilaviy tadbirkorlik sub'yekti oila a'zosiga pensiya tayinlashda ish stajiga Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lanmagan davrlar qo‘shilmaydi.