Parij teraktlarini amalga oshirishda bosh gumonlanuvchi hibsga olindi
2015 yil 13 noyabrda Parijda teraktlarni amalga oshirishda bosh gumonlanuvchi bo‘lgan Saloh Abdusalom Bryusselda hibsga olindi. Bu haqda Belgiya federal prokuratura bayonotida aytilmoqda, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.
Avvalroq Abdusalomning hibsga olinganligi Belgiya bosh vaziri Sharl Mishel devonxonasi tomonidan tasdiqlangandi.
“Bryusselning Molenbek kommunasidagi katta ko‘lamli aksilterrorchilik operatsiyasida ikki kishi, jumladan Abdusalom yaralandi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra Abdusalom hibsga olingan. U politsiya nazoratida shifoxonaga yuborilgan”, deb xabar berdilar Belgiyaning markaziy telekanallari.
Telekanallarda operatsiya davomida bir kishi o‘ldirilgani haqida avval tarqatilgan ma'lumot inkor etildi.
Parijdagi teraktlar oqibatida 130 kishi halok bo‘lgan, 350 dan ortiq odam jarohat olgan edi.