Sport | 18:13 / 20.03.2016
1905
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik sportchi Dilshod Turdiyev Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

Dilshod Turdiyev “Rio-2016” o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi

Yunon-rim kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a'zosi Dilshod Turdiyev Qozog‘istonning Ostona shahrida shu yili Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmalar o‘ynalayotgan Osiyo saralash turnirida kumush medalga sazovor bo‘lib, “Rio-2016” o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Og‘irlik vazni 75 kg.gacha bo‘lgan polvonlar musobaqasida gilamga tushgan tajribali sportchi chorak finalda yaponiyalik Shoxey Yabikuni 9:0, yarim finalda qirg‘izistonlik Atabek Azisbekovni 5:4 hisobida mag‘lub etib, hal qiluvchi finalga chiqdi.

Qoidaga ko‘ra, ushbu turnirda finalga qadar yetib kelgan sportchilar Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritishadi. O‘z oldiga qo‘ygan asosiy maqsadga erishgan Dilshod hal qiluvchi bellashuvda koreyalik Xyonvu Kimga imkoniyatni boy berdi va kumush medal sovrindori bo‘ldi.

Ikkinchi kungi musobaqalarda gilamga tushgan O‘zbekiston vakillaridan yana biri Mo‘minjon Abdullayev (-130 kg) ham “Rio-2016” yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga juda yaqin keldi. Chorak finalda yaponiyalik Arata Sonodani 6:0 hisobida mag‘lub etgan sportchi, yarim finalda qirg‘izistonlik Murat Ramonovga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda esa tojikistonlik Murodjon To‘ychiyevdan ustun kelib, bronza medali sovrindori bo‘ldi.

Birinchi kungi bahslarda Rashid Qurbonov (-74 kg, erkin kurash), Zuhra Mastonova (-53 kg, ayollar kurashi) va jarohat olgan Yelmarat Tasmuratov o‘rniga bahslarga kirishgan Feruz To‘xtayev (-59 kg, yunon-rim kurashi) bronza medallariga sazovor bo‘lgan edi.

Shu tariqa, qit'aviy saralash musobaqalarining ikki kunlik yakunlariga ko‘ra o‘zbekistonlik sportchilar tomonidan 1ta kumush va 4ta bronza medallari qo‘lga kiritildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish