Jahon | 07:13 / 20.03.2016
1977
2 daqiqa o‘qiladi

Rostovdagi aviahalokatda halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi nomi ma'lum bo‘ldi

Rostov-Don aeroportida halokatga uchragan “Boing” samolyoti bortida 46 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Larisa Allen ham bo‘lgan. Falokatda halok bo‘lganlar ro‘yxati Flydubai aviakompaniyasi saytida e'lon qilindi. Bu haqda "Sputnik O‘zbekiston" nashri xabar bermoqda.

Aviakompaniya ma'lumotiga ko‘ra, samolyot bortida 44 nafar Rossiya, 8 nafar Ukraina, ikki nafar Hindiston va bir nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan. 55 yo‘lovchi va 7 nafar ekipaj a'zolaridan hech biri tirik qolmagan. Layner bortida 33 nafar ayol, 18 nafar erkak va 4 nafar bola bo‘lgani ta'kidlanmoqda.

Halok bo‘lgan rossiyalik yo‘lovchilarning har biriga  1 mln rubldan tovon puli to‘lanishi ma'lum qilindi. Tovon xorijiy fuqarolarga berilish-berilmasligi hozircha noma'lum.

Fojia 19 martga o‘tar kechasi yuz berdi. Dubaydan havoga ko‘tarilgan samolyot Rostov-Don aeroportiga yetib kelgach noqulay ob-havo sharoitlari tufayli qo‘nish vaqtida halokatga uchragan, deb taxmin qilinmoqda.