Fan-texnika | 16:22 / 21.03.2016
2325
2 daqiqa o‘qiladi

Frantsuz soatsozlari superkar ishlab chiqishdi

Fransiyaning soat ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Bell & Ross kompaniyasi AeroGT nomi ostida sport avtomobili prototipini taqdim etdi. Ushbu kupening namoyishi Baselworld 2016 ko‘rgazmasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Marosimda kompaniya har biri cheklangan 500 adadda ishlab chiqariladigan ikkita yangi xronografni namoyish qildi.

Orqa g‘ildiraklari “tortadigan” kupening umumiy uzunligi 4,7 metr, balandligi esa 1,1 metrni tashkil etadi. Superkar karbonli monokok asosida bunyod etilgan bo‘lib, 4,2 litr hajm, sakkiz silindrli biturbo motor bilan ta'minlangan. Agregat 610 ot kuchiga ega. Tezlik uzatmalar qutisi – sakkiz bosqichli robotlashtirilgan “transmissiya”.

Turgan joyidan yuz kilometr/soat tezlikka erishish uchun soatsozlar ishlab chiqqan superkar 2,9 soniya sarflaydi. Loyihaga ko‘ra, avtomobil startdan bir kilometrlik masofani 19,8 soniyada bosib o‘tadi. Eng yuqori tezligi esa soatiga 315 kilometrni tashkil etadi.

Baselworld 2016 ko‘rgazmasida yangi taqdim etilgan soatlar narxi esa 7900 yevroga baholandi. AeroGT istiqbollari to‘g‘risida boshqa ma'lumotlar hozircha e'lon qilinmadi.