Jahon | 10:06 / 23.03.2016
1867
2 daqiqa o‘qiladi

Boston va Parijdagi teraktlardan omon qolgan o‘smir Bryusseldagi portlashlar vaqtida jarohatlandi

Boston va Parijdagi teraktlar vaqtida omon qolgan amerikalik missioner-mormon terrorchilarning Bryusseldagi aeroportga hujum qilishi natijasida jarohat olgan. Bu haqda ABC News uning otasi bergan ma'lumotga tayanib xabar tarqatdi.

19 yoshli Yuta shtati fuqarosi bo‘lgan Meyson Uells terrorchilar hujumi vaqtida bir guruh missionerlar bilan bo‘lgan. Hujum natijasida u tovonidan jarohat olgan. Bundan tashqari uning yuzi va qo‘li kuygan.

2013 yilda Uells Boston marafonining finish qismiga yaqin joyda otasi bilan onasini kutib turganida bomba portlagan. 2015 yilning noyabr oyidagi Parijdagi terakt paytida esa Uells Fransiya poytaxtidan ikki soatlik yo‘lda bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 22 mart, seshanba kuni Bryussel aeroporti va metrosida sodir bo‘lgan bir necha portlash natijasida so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra 34 kishi halok bo‘ldi, yana 200 dan ziyod kishi jarohatlandi.

2015 yilning 13 noyabr kunida Parijda davomli teraktlar sodir etilgan, shahardagi "Stad de Frans" o‘yingohida Fransiya va Germaniya terma jamoalari o‘yini vaqtida stadion tashqarisida portlashlar sodir bo‘lib, "Bataklan" teatriga terrorchilar bostirib kirgan hamda muxlislarni o‘qqa tutgandi. Shahar bo‘ylab 7ta nuqtada sodir etilgan teraktlarning umumiy qurbonlari soni 131 nafarni tashkil etgan va 350dan ortiq kishi jarohatlangandi.

Bostonda esa 2013 yilning 15 aprelida marafon vaqtida portlash sodir etilgan, 3 kishi halok bo‘lib, 250dan ortiq kishi jarohatlangandi.