Fan-texnika | 01:01 / 25.03.2016
2295
2 daqiqa o‘qiladi

Nyu-Yorkda “Yil avtomobili” nomi e'lon qilindi

Nyu-York avtosalonida World Car of the Year xalqaro tanlovining g‘olibi aniqlandi. Jurnalistlarning (hakamlar hay'ati 73 nafar ekspertdan tashkil topgan) eng ko‘p ovozini to‘plagan Mazda MX-5 “Yil avtomobili” deb topildi. Avtomobillar olamining eng nufuzli tanlovida g‘alaba uchun bor-yo‘g‘i 10ta da'vogar mashinalar kurash olib bordi.

Mazda MX-5 rodsteri Audi A4, BMW X1, Hyundai Tucson, Jaguar XE, Land Rover Discovery Sport, Mazda CX-3, Mercedes-Benz GLC, Skoda Superb va Toyota Priusni ortda qoldirdi. Bundan tashqari, rodster eng yaxshi dizaynga ega mashina, deb ham e'tirof etildi.

Taqdirlash marosimi doirasida asosiy nominatsiyadan tashqari, BMW 7-Series “Eng yaxshi ijrochi avtomobil” sifatida taqdirlandi. Ushbu nominatsiyada Audi Q7, Jaguar XF, Mercedes-Benz GLE Coupe va Volvo XC90 ham ishtirok etgan edi.

“Eng yaxshi sport avtomobili” nominatsiyasida Audi R8 g‘olib bo‘ldi. Nemis sportkarining raqiblari qatorida Chevrolet Camaro, Honda Civic Type R, Mercedes-AMG C63 Coupe va Range Rover Sport SVR mashinalari ham bor edi.

“Eng yaxshi yashil avtomobil” nomiga BMW 330, Chevrolet Volt, Toyota Prius, Toyota Mirai va Volkswagen Passat GTE da'vogarlik qildi. Hakamlar hay'ati 1-o‘rinni Toyota Mirai avtomobiliga berdi.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilda tanlov g‘olibi deb Mercedes-Benz C-Class topilgandi. Nemis sedani BMW 2-Series Active Tourer, Volkswagen Passat B8, Nissan Qashqai va Mazda2 ’ni ortda qoldirgan edi.

“Yil avtomobili”ning birinchi taqdirlash marosimi 2005 yilda o‘tkazilgan. Tanlovning ilk g‘olibi deb Audi A6 topilgan.