Fan-texnika | 22:46 / 26.03.2016
3190
3 daqiqa o‘qiladi

Amerikaliklar tovushdan tez uchuvchi yangi samolyot yaratishmoqchi

AQShning Boom kompaniyasi soatiga 2,7 ming km tezlik bilan ucha oluvchi tovushdan tez uchuvchi samolyot yaratmoqchi. Bu haqda CNN telekanali ma'lum qildi.

Ushbu samolyot ko‘rsatkichlari bo‘yicha 2,3 ming km/soat tezlik bilan ucha olgan, hozirda foydalanishdan chiqarilgan britan-fransuz samolyoti "Konkord"ni ortda qoldirishi kerak. Telekanalning ta'kidlashicha, samolyot hozirda mavjud istalgan samolyotdan 2,6 marta tezroq ucha oladi. Bu samolyotda Nyu-Yorkdan Londonga yetib olish uchun bor-yo‘g‘i 3,4 soat, San-Frantsiskodan Tokioga 4,7 soat, Los-Anjyelesdan Sidneyga esa 6 soat kerak bo‘ladi.

Samolyot kompozit materiallardan yaratiladi, uning saloni ikki qator qilib o‘rnatilgan 40ta o‘rindiq bilan jihozlanadi. Ushbu samolyotda parvozlar yo‘lovchilar yer yuzini ko‘ra olishlari uchun 20 ming metrdan pastroq balandlikda amalga oshiriladi.

Ushbu samolyotning "borish-qaytish" chiptasi narxi 5 ming dollarga aylanadi, biroq telekanalning ta'kidlashicha, yo‘lovchilar vaqtni tejash maqsadida bunday xarajatlardan qochimaydi. Virgin Group aviakompaniyasi bunday 10 ta samolyotga buyurtma bermoqchi, agar bitim amalga oshsa, uning qiymati taxminan 2 mlrd dollarga yaqinni tashkil qiladi. Shuningdek, Boom Yevropa avitashuvchilaridan yana 15 ta samolyotga buyurtma olishi mumkin, unda kompaniya sotadigan samolyotlar umumiy narxi 5 mlrd dollarni tashkil qiladi.

Kompaniya hozirda ish olib borayotgan samolyot prototipi 2017 yildan keyin namoyish qilinadi. Telekanalning ta'kidlashicha, tovushdan tez uchuvchi samolyotlar yaratish bo‘yicha ko‘plab loyihalar mavjud, biroq ulardan birortasi hanuzgacha amalga oshirilmagan.

2015 yil sentabrda "Konkord" samolyoti yana havoga ko‘tarilishi mumkinligi aytilgandi. The Indepentent nashrining ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu samolyotning ilk parvozlari bu samolyot fanatlari klubi Club Concorde say'-harakatlari evaziga 2019 yilda amalga oshishi mumkin.

2015 yil avgustda The Daily Telegraph nashri Airbus kompaniyasi "Konkord"ning davomchisi "Konkord-2"ning dizayniga patent olishga ariza berganini ma'lum qilgandi. Bu samolyot "Konkord"dagi kamchiliklardan xoli bo‘lib, soatiga 4800 km gacha tezlik bilan ucha oladigan bo‘ladi.

"Konkord" samolyotlaridan 1976 yilda foydalanish boshlangan. Ular Tu-144 samolyotlari bilan bir qatorda tijoriy parvozlar uchun foydalanilgan tovushdan tez uchuvchi samolyotlardan biri bo‘lgan. Hammasi bo‘lib 20 ta shunday samolyot yaratilgan, ular 27 yil ekspluatatsiya qilinishi davomida 3 mln dan ko‘proq yo‘lovchi tashigan. Samolyotlar 2003 yilda foydalanishdan chiqarilgan. Ulardan ba'zi kamchiliklari tufayli voz kechilgan: samolyot samaradorligi past bo‘lgan, u bir tonna foydali yukka 8 tonna yoqilg‘i ishlatgan hamda tovush tezligi chegarasidan o‘tganda qattiq shovqin chiqargan.