Endi Toshkentda tramvay yurmaydi
Bugun – 28 mart kuni Toshkent shahri hududidagi yo‘llar ta'minoti mavzusiga oid matbuot anjumanida shahar hokimi Usmonov Rahmonbek Jahongirovich yaqin kunlarda Toshkent shahrida tramvaylar harakati butunlay to‘xtatilishini tasdiqladi.
Shahar hokimining so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahri hududidagi yo‘llarning rivojlanishi, mavjud standartlardan Yevropa yo‘l standartlariga o‘tish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan maxsus konsepsiya asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Shuningdek, shahar hokimi xususiy avtomobillar sonining ko‘payishi, qolaversa, bugunga kelib samarasiz bo‘lib qolgan tramvay tarmoqlari sababli yuzaga kelgan muammolar, ularning hal etilish rejasi bilan shahar xaritasi asosida batafsil tushuntirdi.
Yaqin kunlarda Toshkent shahrida tramvay harakati butunlay to‘xtatilib, ularning o‘rniga ayni shu yo‘nalishda harakatlanuvchi avtobuslar faoliyat boshlaydi. Masalan, 5 apreldan boshlab, (tramvay harakati to‘xtamagani holda) 13-tramvay yo‘nalishda 13-T avtobusi sinov avtobusi qatnovi boshlanadi. Shu tariqa, yo‘lovchilar yo‘ldagi o‘zgarishlarga astalik bilan ko‘nikkach, tramvay harakati olib tashlanadi.