Sport | 17:24 / 28.03.2016
1224
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik bokschilar Litvada o‘tkazilgan xalqaro turnirda umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi

Mamlakatimiz yosh bokschilari Litvada o‘tkazilgan an'anaviy xalqaro turnirda 3 oltin va 2 bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

1998-1999 yillarda tug‘ilgan bokschilar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada Litva, O‘zbekiston, Germaniya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Gretsiya, Vengriya, Polsha, Chexiya, Avstriya, Tunis, Isroil, Ozarbayjon, Rossiya, Gruziya, Belarus, Estoniya, Latviya, Ukraina, Qozog‘iston yoshlar terma jamoalari kurash olib bordi.

Vazni 56 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi bellashuvlarda Shunqor Abdurasulov qozog‘istonlik Serik Temirjanov, vengriyalik Xenrik Serban, litvalik Laimonas Raibikis, ukrainalik Mayk Stitsenkoni mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

81 kilogrammgacha vazn toifasidagi charm qo‘lqop ustalari o‘rtasida Sanjar Tursunovga teng keladigan topilmadi. U litvalik bokschilar Edvinas Makiyevich, Augustas Belyunas, ukrainalik Arkadiy Kartsanni yengib, finalga chiqdi. Hal qiluvchi bahsda mezbon Vilandas Valchyukas ustidan g‘alaba qozondi.

Eng og‘ir (+91 kilogramm) vazn toifasida Abdulla Hudorganov ukrainalik Vyacheslav Gavrilyuk, qozog‘istonlik Rustem Bayyeshev va litvalik Marek Korolkovni yengib, birinchi o‘rinni egalladi.

Bokschilarimizdan Abu Nuronov va Profsor Rorimsha o‘z vazn toifasida bronza medal bilan taqdirlandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish