Jahon | 17:54 / 29.03.2016
1834
2 daqiqa o‘qiladi

EgyptAir samolyotini garovga olgan shaxs taslim bo‘ldi

Misrning EgyptAir aviakompaniyasining A320 samolyotinini garovga olgan shaxs qo‘llarini ko‘targan holda samolyotdan chiqib kelgan va Kipr hukumatiga taslim bo‘lgan. Bu haqda Kipr TIV xabariga asoslanib, TASS agentligi xabar tarqatdi.

"Barchasi tugadi. Aviaqaroqchi qo‘lga olindi", deyiladi xabarda.

Reyter xabarida aytilishicha, u qo‘llarini ko‘targan holda chiqib kelgan, uning yonida hech qanday portlovchi qurilma bo‘lmagan.

U Kipr hukumati bilan muzokaralardan keyin taslim bo‘lishdan avval, samolyot bortida bo‘lgan ekipaj a'zolari hamda 3 nafar yo‘lovchini ozodlikka chiqargan. Uchuvchilardan biri uchuvchilar xonasi oynasidan o‘zini pastga tashlagan.

Bundan oldinroq, samolyotni shturm qilish uchun boshlangan harakatlar bekor qilingan.

Misr bosh vaziri Sharif Ismoilning ma'lum qilishicha, bu shaxsning xatti-harakatlariga nima sabab bo‘lgani hozircha aniqlanmadi.

"Bir safar u YeI vakili bilan uchrashtirishni talab qildi, boshqa safar Turkiyaga uchmoqchi bo‘ldi, yana bir safar Misr qamoqxonalaridan ayollarni ozod etishni talab qildi. Lekin u aniq bir talabini bayon etmadi", deydi vazir.

Bundan oldinroq, Kipr tashqi ishlar vazirligi asl jinoyatchining ismini oshkor qildi. Avvaliga u, Iskandariya va Atlanta universitetlari professori Ibrohim Samaha ekani aytilgandi. Keyinroq aniqlik kiritilishicha, uning ismi sharifi Sayf ad-Din Mustafo bo‘lib chiqdi. Samahaning o‘zi ayblovlarni rad qilib, bortni boshqa yo‘lovchilar bilan birga tark etganini bildirdi. Ibrohim Samahaning rafiqasi ham eri jinoyatga aloqador emasligini aytib chiqdi.