Iqtisodiyot | 08:20 / 29.03.2016
3385
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston sanoatida elektr energetika ulushi 7,5 foizgacha oshdi

2015 yilda O‘zbekiston sanoat ishlab chiqarishida elektr energetika ulushi 7,5 foizgacha oshdi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi xabarida ma'lum qilindi. 2014 yilda bu ko‘rsatkich 6,9 foizni tashkil qilgandi.

Statistikaning ko‘rsatishicha, 2015 yilda ushbu tarmoq deyarli 6,9 trln so‘mlik tovar mahsuloti ishlab chiqargan. 2014 yilda bu ko‘rsatkich 5,3 trln so‘mni tashkil qilgan.

"O‘zbekenergo" DAK ma'lumotlariga ko‘ra, kompaniya elektr stansiyalari 2015 yilda 55,5 mlrd kVt-soat elektr energiya ishlab chiqargan. Bu aholi jon boshiga 1,7 ming kVt-soat elektr energiyani tashkil qiladi.

2015 yilda elektr energiya ishlab chiqarish va iste'mol qilish balansiga ko‘ra, elektr energetika tarmog‘i tomonidan 55,7 mlrd kVt-soat elektr energiya, jumladan 50,5 mlrd kVt-soat elektr energiyani issiqlik stansiyalari va 5,1 mlrd kVt-soat elektr energiyani gidroelektrostansiyalar yordamida ishlab chiqarish mo‘ljallangandi.

O‘zbekiston energetika tizimining asosi bo‘lib umumiy quvvati 11 mln kVt ni tashkil qiluvchi 7 ta issiqlik elektrostansiyasi hisoblanadi. Ular umumiy elektr energiyaning 90 foizigacha qismini ishlab chiqaradi va O‘zbekiston aholisiga kafolatlangan energiya yetkazishni ta'minlaydi.

Kompaniyaning umumiy quvvati 1,4 mln kVtni tashkil qiluvchi 28 ta gidroelektrostansiyasi asosan GESlar kaskadiga birlashgan va suv oqimida ishlaydi.

"O‘zbekenergo" DAK elektr tarmoqlari uzunligi 250 ming km dan ko‘proqni tashkil qiladi, bu respublikadagi barcha iste'molchilarni markaziy elektr ta'minoti zonasiga jalb qilishga imkon beradi.