Texnologiya | 22:36 / 30.03.2016
1698
2 daqiqa o‘qiladi

Odamzod birinchi bor robotlarni o‘z kasbidan "haydadi"

Johnson & Johnson firmasi robot-anesteziologlarni sotishni va ishlab chiqarishni to‘xtatmoqda. Shifokorlarning noroziligi tufayli mashina tijoriy jihatdan foydasiz bo‘ldi. Bu haqda The Washington Post nashri xabar bermoqda

Sedasys deb nomlangan robot standart operatsiyalarda umumiy narkoz kiritish uchun mo‘ljallangan. Bunday holatlarda anesteziolog shifokorning xizmati 2 ming dollar tursa (AQShda anesteziolog mehnati eng katta haq to‘lanuvchi mehnatlardan biri hisoblanadi), robot buni 200 dollarga bajaradi. Mashinani boshqarish uchun hamshiraning o‘zi yetarli bo‘ladi (aynan shu sabab mablag‘lar tejaladi).

Biroq AQShning anesteziologlar jamiyati robotga qarshi kuchli tadbir boshladi. Shikoforlar va hamshiralarning ta'kidlashlaricha, mashina bemorni odam kabi narkoz holatiga tushira olmaydi. Norozilik kampaniyasi muvaffaqiyatli chiqdi: Johnson & Johnson robotni savdodan olishga qaror qildi, chunki ikki yil ichida u deyarli hech qanday foyda keltirmadi.

Avvalroq fevralda Rays universiteti hisoblash muhandisligi professori Moshe Vardi robotlarning ommaviylashtirilishi va takomillashtirilishi o‘z ortidan keskin ishsizlikni keltirib chiqarishi taxminini bildirgandi. Uning fikricha, 2045 yilga kelib, ishsizlik ko‘rsatkichi 50 foizdan oshib ketishi mumkin.

O‘tgan yili britaniyalik fizik-nazariyotchi Stiven Xoking sun'iy ongni insoniyat uchun jiddiy xavf deb atagandi, chunki u "odamlarni chumolilarga" aylantirishi mumkin. U, shuningdek, " texnologik ishsizlik" va ortib borayotgan ijtimoiy tengsizlik muammosidan xavotirlanish bildirgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish