O‘zbekiston | 21:44 / 30.03.2016
1680
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri hokimligi shaharda 802ta tramvay borligi haqidagi xabarlarni rad etdi

Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Husan Ermatov 28 mart kuni yo‘l transport sohasidagi yangilanishlar izohiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida keltirilgan ba'zi raqamlar OAVda buzib ko‘rsatilgani, aslida Toshkent shahrida nashrlarda, xususan kun.uz saytida yozilgani kabi 802ta emas, balki 87ta tramvay borligini ma'lum qildi.

U "Toshshahartransxizmat" kompaniyasiga asoslanib ma'lum qilishicha, 87ta tramvaydan 51tasi ishga yaroqli hisoblanadi.

"Ushbu tramvaylarning kunlik ish hajmidan kelib tushadigan daromadga nisbatan qilinayotgan xarajat ikki barobar ortiqqa tushmoqda, yanada aniqroq aytiladigan bo‘lsa, bir yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish tannarxi 2 864 so‘mni tashkil etayotir. Ular o‘rniga avtobuslarning qo‘yilishi bilan xarajatlar va daromadlar balansiga erishish, ya'ni xarajat va daromadlar hajmi tenglashishi kutilmoqda", — deydi hokimlik axborot xizmati rahbari.

28 mart kuni kun.uz saytida shahar tramvay parkida 802 tramvay borligi, ulardan 752tasi ishga yaroqli ekani va ular, Toshkentda barcha tramvay yo‘nalishlari yopilishi munosabati bilan, xorij mamlakatlariga sotib yuborilishi haqida xabar qilingandi.

Hokimlik matbuot xizmati rahbari bunday xabarlarni uzatishda shoshqaloqlikka yo‘l qo‘ymaslikni so‘ragan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish