Jahon | 20:42 / 31.03.2016
1766
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyaning Diyorbakir shahrida yuz bergan portlash natijasida 6 politsiyachi halok bo‘ldi

Turkiyaning janubi-sharqida joylashgan Diyorbakir shahridagi avtobus bekati oldida portlash sodir etildi. Bu haqda Haberturk xabar bergan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, portlash tufayli 6 kishi halok bo‘lgan.

Manbaning yozishicha, bu portlash tufayli 20 kishi jarohatlangan. Voqea joyiga tez tibbiy yordam mashinalari yuborilgan. Portlash bekat yaqinidan harbiylar mashinasi o‘tayotgan vaqtda ro‘y bergan.

Diyorbakir kurdlar ko‘pchilikni tashkil etadigan hududda joylashgan bo‘lib, 2015 yilning iyulida Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) tomonidan sodir etilgan teraktdan keyin 2 tomon o‘rtasidagi sulh bekor bo‘ldi va o‘zaro to‘qnashuvlar boshlanib ketdi. Anqara bu tashkilotni terrorchi tashkilot sifatida baholaydi.

Keyingi vaqtlarda Turkiyada teraktlar tez-tez amalga oshirilmoqda. Oxirgi marta 25 mart kuni uyushtirilgan hujum natijasida 3 nafar harbiy halok bo‘lgandi. 21 mart kuni Mardin viloyatidagi 2ta portlash tufayli 3 harbiy va 1 politsiyachi qurbon bo‘ldi. Bu teraktlar uchun rasmiy Anqara KIPni ayblagan.

13 mart kuni esa Anqara shahridagi avtobus bekatida avtomobil portlatilgandi. Natijada 34 kishi halok bo‘lib, 125 kishi jarohatlangan.