Jahon | 16:11 / 02.04.2016
1938
2 daqiqa o‘qiladi

Armaniston va Ozarbayjon Qorabog‘dagi vaziyat uchun bir-birini ayblamoqda

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi matbuot xizmati rahbari Vagif Diyorgohlining ma'lum qilishicha, armanlar Tog‘li Qorabog‘ hududida navbatdagi ig‘vo harakatlarini boshladi.

"2 aprelga o‘tar kechasi bizning pozitsiyalarimiz Armaniston harbiylarining minomyotlari va pulemyotlaridan o‘qqa tutildi. Hujumni ular boshladi. O‘q uzishlar Ozarbayjonning tinch aholi vakillari istiqomat qiladigan hududlari bo‘ylab ham amalga oshirildi", deydi u Armanistonning bayonotiga javoban.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon qurolli kuchlari Agdam, Terter, Xo‘javand, Fuzuliy yo‘nalishlari bo‘ylab javob zarbalari amalga oshirdi.

"Yaqin vaqt ichida frontdagi vaziyat bo‘yicha ma'lumot beramiz", degan u.

O‘z navbatida, Armaniston TIV matbuot xizmati rahbari Tigran Balayan o‘zining tvitterida "Ozarbayjon harakatini vaziyatni chigallashtirish uchun harakat" sifatida baholagan.

Uning rasmiy Bokuning Tog‘li Qorabog‘ mojarosi bo‘yicha pozitsiyasini tanqid qilgan va Ozarbayjon tomonidan inson huquqlari buzilganini qayd etib, xalqaro hamjamiyatni buni tanqid qilishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, Armaniston Mudofaa vazirligi vakili 2 aprelga o‘tar kechasi Ozarbayjon tomonidan Tog‘li Qorabog‘ hududida harbiy harakatlar boshlaganini, Armaniston tomoni bunga javoban o‘t ochganini, natijada ozarlarning 1 harbiy vertolyoti urib tushirilganini ma'lum qildi.