Jahon | 11:08 / 04.04.2016
1159
2 daqiqa o‘qiladi

DM: Interpolning Venesueladagi rahbari kokain savdosiga aloqadorlikda ayblanmoqda

Venesuela prokuraturasi, Interpolning ushbu mamlakatdagi vakolatxonasi rahbari Eliyeser Garsiya Torrealba va tadbirkor Pablo Kardenasni Dominikan Respublikasiga 349 kg. kokain yuborishga aloqador, deb hisoblamoqda. Bu haqda, Daily Mail gazetasi yozmoqda.

Nashrning ma'lumotlariga ko‘ra, 24 mart kuni Dominikan aeroportiga yetib kelgan samolyot bortida 349 kg. kokain aniqlangan. Venesuela adolat posbonlarining gumon qilishlaricha, Kardenas yirik miqdordagi giyohvand moddalarni yuborish va moliyalash bilan shug‘ullangan bo‘lsa, Torrealba o‘z xizmat vakolatidan foydalanib, yuklarni yuborish ishini boshqargan bo‘lishi ehtimol.

Ayni ish bo‘yicha, gumondorlar Torrealba, Kardenas bilan birga yana sakkiz kishi qo‘lga olingan. Ular orasida, huquq tartibot idoralari va samolyot uchib ketgan Barkisimeto aeroporti xodimlari ham bor.

Bundan avval, AQSh prokuraturasi Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning qarindoshlarini giyohvand moddalar savdosida ayblagan, ammo keyinchalik sud ularni aybsiz, deb topgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish