O‘zbekiston | 15:21 / 04.04.2016
3568
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda motor moylarini qayta ishlovchi zavod o‘z faoliyatini boshladi

O‘zbekistonning Toshkent viloyatida faoliyatini boshlagan Uz-Prista Recycling o‘zbek-bolgar qo‘shma korxonasi motor moylarini qayta ishlaydi, deb xabar qilmoqda zavod muassislaridan biri "Uzneftmahsulot"AK vakili.

Qo‘shma korxona yiliga 43 ming tonna birlamchi foydalanilgan motor moylarini qayta ishlab, 30 ming tonna tayyor mahsulot ishlab chiqaradi.

Ularning aksar qismidan O‘zbekistonda sintetik va mineral motor moylari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Uz-Prista Oil moylari chiqarishda foydalaniladi. Loyihaga kiritilgan sarmoyalar miqdori 15 million AQSh dollarini tashkil etgan.

2012 yil iyunida Bolgariyaning Prista Oil Holding EAD va "O‘zneftmahsulot" ("O‘zbekneftegaz" kompaniyasining sho‘'ba korxonasi) kompaniyalari, Toshkent viloyatida foydalanilgan motor moylarini qayta ishlash, ularni yig‘ish, saqlash va tashishga ixtisoslashgan ikkita — Uz-Prista Recycling hamda Uz-Ecoprotect qo‘shma korxonalarini tuzishga kelishib olgan edi. Ikkala korxonada Prista Oil 51 foiz aksiyaga egalik qilsa, "O‘zneftmahsulot" — 49 foiz ulushga ega bo‘lishi aytilgan edi. Ikkala korxona inshootlari "Angren" erkin iqtisodiy hududida joylashgan.

2011 yil so‘ngida Prista Oil, shuningdek, Amerikaning Texaco Overseas Holdings Incning “Uz-Texaco MChJ” qo‘shma korxonasidagi 50,1 foiz aksiyasini xarid qilgandi. Ushbu korxona keyinchalik Uz-Prista Oil deb qayta nomlangan.

Ayni chog‘da Uz-Prista Oil sobiq Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida Havoline, Ursa, Gearrtex, Rando brendlari ostida 30 turdagi sertifikatlangan motor, gidravlika, transmissiya moylari ishlab chiqarishni o‘zlashtirgan. Qo‘shma korxona mahsulotlarining 70 foizi, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Qozog‘iston va sharqiy Yevropaga eksport qilinadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish