Jahon | 11:15 / 05.04.2016
2220
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: «Panama hujjatlari» dunyoning haqiqiy yuzini ko‘rsatadi

Korrupsiya ko‘lamiga oid Panama Papers («Panama hujjatlari») jurnalistik tekshiruvi natijalari, dunyodagi haqiqiy vaziyatni va so‘z erkinligi qiymatini namoyon etadi, deb yozmoqda Die Welt nashri. 

Nashrning qayd etishicha, avvallari e'lon qilingan ayrim xabarlar yangi ma'lumotlar soyasida qolib ketgan.

Hujjatlar nafaqat soxta firmalar tashkil etishga ixtisoslashgan Mossack Fonseca yuridik firmasini fosh etadi, balki ko‘plab mamlakatlar hukumat a'zolarining Panama, Virjin va Seyshel orollari qonunchiligidagi mavjud yashirin imkoniyatlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishlarini isbotlab beradi.

«Panama hujjatlari» shuni ko‘rsatadiki, siyosiy tuzumlar, o‘z manfaatlari uchun harakat qilayotgan bir guruh namoyondalar qo‘lidadir. Oxirgi 25 yil davomida, o‘z mamlakatlarida moliyaviy nazoratdan qochish va boyliklarini yashirishlari uchun ularga ko‘plab imkoniyatlar yaratilgan.

Nashrning yozishicha, «Panama hujjatlari»da nomlari zikr etilgan ayrim mashhur kishilar, moliyaviy muassasalarni o‘zlarining tadbirkorlik faoliyatidan ogoh etgan bo‘lishlari mumkin.

«Nima bo‘lganda ham, ular tez orada qator savollarga javob berishlariga to‘g‘ri keladi. Jiddiy jurnalistik surishtiruvlar tanqisligi davrida, ushbu ma'lumotlarning oshkor bo‘lishi, sog‘lom va erkin matbuot naqadar kerakligini ko‘rsatadi», deb xulosa qiladi Die Welt.

Bundan avval, Panama prokuraturasi ofshorlar to‘g‘risidagi axborotlar paydo bo‘lgach, tergov ishlarini boshlab yuborgani xabar qilingan edi.

2016 yil 3 aprel yakshanba kuni OCCRP jahon davlatlari yetakchilari, siyosatchilari, sportchi va madaniyat arboblarining ofshor bitimlariga aloqasini fosh etuvchi keng miqyosli surishturuv natijalarini e'lon qilgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish