Jamiyat | 17:58 / 05.04.2016
2364
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Rossiya: Tovlamachilar "bosh og‘rig‘i"ga davo topishdi

Tovlamachilar O‘zbekiston fuqarolariga Qirg‘izistonning soxta pasportlarini sotib olishni taklif qilishmoqda. Bu ularga Qirg‘iziston fuqarosi sifatida ishga joylashishga yordam beradi. Qiyin vaziyatda qolgan ba'zi o‘zbekistonliklar Rossiyada tinch yashab, ishlashlari uchun shu yo‘lni tutishga majbur bo‘lishmoqda.

Sputnik muxbiri norasmiy muhojir sifatida tovlamachilarga "yordam so‘rab" murojaat qildi. Hujjatlarni rasmiylashtiruvchi bunday idoralarning telefonlarini internetdan bemalol topish mumkin. Bajonidil "yordam" berishga rozi bo‘lishdi. Tushuntirish ishlarini olib borishdi, faqat oxirida ko‘chada hujjatlarning asli emas, nusxasi bilan yurishga to‘g‘ri kelishini qo‘shib qo‘yishdi. Nima uchun asl nusxalar politsiyaga yoqmasligiga izoh berishmadi.

Rossiya pasportini olishga 80 ming rubl ketsa, Qirg‘iziston pasportiga - 5 ming rubl, soxta patent - 10 ming rubl. Tibbiy ma'lumot uchun 1,5 ming rubl xarajat qilinadi, 2 ming rubl uchun esa qayd etish mumkin.

"Migratsiya va qonun" axborot-huquq markazi rahbari Gavhar Jo‘rayevaning Sputnik nashriga bergan ma'lumotida nima uchun o‘zbekistonliklar qonunga xilof ish tutganliklariga izoh berib, "U yerda o‘zbeklar qirg‘iz va tojiklardan ko‘p. O‘zbekiston Ukraina va Qozog‘istondan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Muhojirlarning aksariyati moslashishi qiyin kechuvchi yoshlar. Ko‘pchilik yoshlar klinig kompaniyalar va qurilish biznesida ishlashadi. Shuning uchun ish o‘rinlarini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqadilar", deb ta'kidladi.

Gap shundaki, o‘zbekistonliklar Rossiyada 90 kungina vizasiz yurishlari mumkin. Muddat tugashi bilan ular ortga qaytishi kerak bo‘ladi. Shu tufayli ko‘p muhojirlar Qirg‘izistonning soxta hujjatlarini qo‘lga kiritishga qiziqib qolishgan.