Turkmanistonda kazino va folbinlar xizmatini reklama qilish taqiqlandi
4 aprel kunidan boshlab, Turkmanistonda “Reklama faoliyati to‘g‘risidagi” qonun kuchga kirdi. Mahalliy matbuotning yozishicha, unga ko‘ra, bir qator reklama faoliyatlari taqiqlanadi. Qonunning to‘liq matni "Neytralnyy Turkmenistan" va "Türkmenistan" nashrlarida chop etilgan.
Qonun reklama faoliyatining huquqiy, tashkiliy va iqtisodiy asoslarini aniqlab beradi. Ushbu xizmat ko‘rsatilishida yuzaga keladigan masalalarni muvofiqlashtiradi.
Unga ko‘ra, mamlakatda, gipnozchilar, tabiblar, ekstrasenslar, folbinlar, munajjimlar, sehrgarlar va shu kabi g‘aybni bilishi hamda insonlar taqdiriga ta'sir o‘tkaza olishlarini da'vo qiluvchilarni reklama qilish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, ruhiy yordam, muloqot, dam olish, massaj, vaqtni yoqimli o‘tkazish kabi jinsiy mazmundagi, shuningdek, qimorxona, elektron kazino va internet-kazinolar, pirotexnika mahsulotlari, portlovchi moddalar, qurol-aslaha va harbiy maqsadlarda qo‘llash mumkin bo‘lgan anjomlar reklamasi ham mumkin emas.
Shu bilan birga, ko‘krak suti o‘rnini bosuvchi deb ataluvchi bolalar ovqatlari hamda biologik faol qo‘shimchalar reklama qilinmaydi. Ixtisoslashgan maxsus tibbiy nashrlarda ularning reklamasiga ruxsat berilsada, sun'iy oziqlantirishning ustun jihatlari sifatida ko‘rsatish mumkin emas.
Dori-darmonlar reklamasi ham faqatgina tibbiy xodimlar va farmatsevtlar uchun mo‘ljallangan maxsus ilmiy nashrlarda amalga oshiriladi.
Shuningdek, qonunda voyaga yetmaganlarni himoya qilishga alohida e'tibor qaratilgan. Reklama qilishda ota-ona va pedagog-murabbiylar obro‘siga putur yetkazuvchi holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va o‘quv adabiyotlari, kundalik daftarlar, daftarlarda ham reklama mahsuloti bo‘lmasligi lozim.
Ushbu qonun bandlari buzilishi, Turkmaniston qonunchiligiga binoan ma'muriy choralar qo‘llanishiga olib keladi.