Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Buyuk Britaniyada yeguliklarni markirovka qilishning yangi turi taklif etildi
Buyuk Britaniyaning xalq sog‘ligini saqlash qirollik jamiyati (Royal Society for Public Health — RSPH) tomonidan yeguliklar kaloriyasini yoqish uchun kerak bo‘ladigan mashqlar sonini markirovka qilish taklif etildi.
RSPH tomonidan taklif etilgan markirovka “foallik ekvivalenti” deb nomlanib, uch xil axborotni o‘z ichiga olgan. Unga ko‘ra, bir o‘ram mahsulotdagi kaloriyani yoqish uchun qancha yugurish, velosiped haydash yoki basseynda suzish haqida ma'lumot ko‘rsatiladi.
“Biz odamlarni qo‘rqitishni yoki sportga mukkasidan ketishlarini xohlamaymiz. Buning o‘rniga biz odamlar ma'lum bir ovqatdagi kaloriyani yoqish uchun qanchalik darajada faol bo‘lishlari lozimligini bildirishni maqsad qilganmiz. Shuningdek, faol bo‘lmagan odamlarning harakatlariga qarab ratsionlarini o‘zgartirishlarida yordam bermoqchimiz”, - deydi RSPH bosh direktori Shirli Kramer.
Gizmodo nashrining xabariga ko‘ra, RSPH taklifi bugungi kunda juda ham muhim xisoblanadi. Chunki aprel oyining boshida berilgan ma'lumotga ko‘ra, Yer sayyorasida ortiqcha vazndagi odamlar soni ozg‘in odamlar sonidan o‘zib ketdi.
Agar ishlab chiqaruvchilar bunday markirovkani qo‘llashni boshlashsa ular bu ish ustida ancha harakat qilishlariga to‘g‘ri keladi. Chunki mashqlar soni har bir shaxsning jinsi, vazni va yoshiga qarab har xil bo‘ladi. Balki bu muammoni alohida mobil dastur orqali yechish mumkin.
Odatda bir dona shokolad batoni energiyasini sarflash uchun 22 daqiqa yugurish, tovuq go‘shtidan tayyorlangan sendvich uchun esa 42 daqiqa sarflashingiz lozim.
Shuni aytib o‘tish kerakki, gap faqatgina ortiqcha kaloriyalar haqida ketmoqda. Ularning bir qismini odam kun davomida o‘z harakatlari uchun ishlatadi.
