Jahon | 15:10 / 07.04.2016
1385
2 daqiqa o‘qiladi

Putin rossiyaliklar bilan ochiq muloqot quradigan kun aniq bo‘ldi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 14 aprel kuni “Vladimir Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot” teleko‘rsatuvida rossiyaliklarning savollariga javob beradi. Bu haqda Kreml matbuot xizmatiga tayanib TASS xabar berdi.

Ko‘rsatuv dasturi an'anaviy tarzda aprel oyining o‘rtalarida 14 yildan buyon amalga oshiriladi. Translyatsiya Moskva vaqti bilan kunning qoq yarmida boshlanadi, uni “Pervyy”, “Rossiya 1”, “Rossiya 24” kanallari, “Mayak”, “Vesti FM” va “Radio Rossii” radiokanallari efirga uzatadi.

Prezidentning chiqishini internet saytlarida maxsus dasturlar orqali kuzatish, Rossiya Ijtimoiy kanalida kar-soqovlar uchun tarjima vositasida tinglash imkoni bo‘ladi.

Dastur studiyasiga siyosatchilar, jamoat arboblari va mashhur telesyujyet qahramonlari taklif etiladi. Ular Putinga to‘g‘ridan to‘g‘ri savol berishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, mamlakatning turli hududlarida tashkil etilgan ko‘chib yuruvchi studiyalar orqali aholi davlat rahbariga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qila oladi.

Suhbat qancha davom etishi ma'lum emas. Rekord davomiylik 2013 yili qayd etilgan, o‘shanda prezident aholi bilan 4 soatu 48 daqiqa davomida muloqot qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish