Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya va AQSh yadro qurollarini qisqartirishga oid muzokaralar o‘tkazishga tayyor
Qurolsizlanish bo‘yicha Komissiyaning BMT bosh qarorgohida bo‘lib o‘tayotgan sessiyasida Rossiya va AQSh o‘z yadro arsenallarini qisqartirishga doir o‘zaro muloqot olib borishga tayyorliklarini birdirishdi.
Tomonlar, shuningdek, ushbu masala bo‘yicha muhokamalar o‘tkazishga nima halaqit qilayotgani borasida fikr almashishgan.
TASS axborot agentligi xabariga ko‘ra, shu mazmundagi bayonot bilan AQSh va Rossiyaning sessiyadagi maxsus vakillari o‘rinbosarlari Jon Bravako hamda Petr Ilichev chiqish qilgan.
Bravakoning aytishicha, AQSh tomoni yadroviy kallaklarni qisqartirish masalasiga zamon talablari va amaliy jihatdan yondashish niyatida. Vashington ushbu muammoga global xavfsizlik hamda ittifoqchilari oldidagi mas'uliyatni to‘la his qilgan yondashadi.
"Rasmiy Vashington bo‘lg‘usi muzokaralarda yadro kallaklarining inspeksiyasiga e'tibor qaratish niyatida", deb qayd etgan Bravako.
RF maxsus vakili o‘rinbosari Petr Ilichev o‘z navbatida, Moskva yadroviy qurolsizlanish masalalari bo‘yicha jiddiy muloqotga tayyorligini bildirib, bu borada barcha tomonlar "jiddiy va kengqamrovli tayyorgarlik" ko‘rishlari lozimligini uqdirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, "xalqaro maydonda ikki xil me'yorlar qo‘llashga urinishlardan voz kechish lozim" hamda "ayrim davlatlar yoki harbiy bloklarning boshqa davlatlar xavfsizligiga rahna solish hisobiga o‘z ustunliklarini ta'minlash bo‘yicha urinishlariga chek qo‘yish kerak bo‘ladi".