Jahon | 21:09 / 07.04.2016
1965
2 daqiqa o‘qiladi

Singapurda korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar soni eng past ko‘rsatkichni tashkil qildi

Singapurda 2015 yilda korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar soni eng past ko‘rsatkichni tashkil qildi. Singapurning korrupsiya bo‘yicha tergov idorasi chop etgan ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda korrupsiya bilan bog‘liq 132 ta ish ko‘rib chiqilgan.

Hisobotda ta'kidlanishicha, bu ishlarning 11 foizida davlat xizmatchilari aralashgan bo‘lgan va bu ko‘rsatkich 2014 yildagidan 4 foiz kamroqni tashkil qiladi. Bundan tashqari, idora o‘tgan yili 877 ta shikoyat olgan, bu esa 2014 yildagidan 19 foizga ko‘proq bo‘lgan.

Mamlakat bosh vaziri Li Syan Lun hisobotga izoh berib, "Singapur muntazam ravishda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro reytinglar yetakchilari qatoriga kirishini" ta'kidlab o‘tdi. Uning aytishicha, Singapurning korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini o‘rganish uchun ko‘plab davlatlar o‘z vakillarini mamlakatga yuboradilar.

Li Syan Lunning aytishicha, "respublikadagi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi muvaffaqiyatlarning asosiy sabablari kuchli siyosiy rahbariyat, mustahkam aksilkorruptsion tizim hamda korrupsiyadan qochuvchi jamiyatning mavjudligi hisoblanadi".