O‘zbekiston | 12:51 / 07.04.2016
3604
4 daqiqa o‘qiladi

TIKA delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrifini boshladi

Turkiyaning hamkorlik va taraqqiyot agentligi (TIKA) rahbari Serdar Cham O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Delegatsiya 7-10 aprel kunlari O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu haqda Turkiyaning O‘zbekistondagi Elchixonasi tarqatgan xabarda ma'lum qilingan.

Delegatsiya TIKA agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan amalga oshirilgan bir qator loyihalarning tugallanganligi munosabati bilan o‘tkaziladigan marosimlarda ishtirok etadi.

Tashrifning ilk kunida Serdar Cham O‘zbekicton Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari S.F. Ergashev va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri A.V. Alimov bilan uchrashib, bugungi kunga qadar o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilgan loyihalar borasida o‘zaro fikr almashishadi hamda kelajakda qilinadigan amaliy ishlarni muhokama qilishadi.

Kunning ikkinchi yarmida Serdar Cham TIKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan ta'mirlash va jihozlash ishlari olib borilgan Respublika “Tadbirkor ayol” uyushmasining markaziy binosi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ginekologiya va akusherlik ilmiy-amaliy markaziga tashrif buyurib, ushbu markaz qoshida TIKAning ko‘magida tashkil etilgan “Simulyatsiya o‘quv markazi”ning rasmiy ochilish tadbirlarida ishtirok etadi.

Shundan so‘ng Serdar Cham va unga hamkorohlik qilayotgan xay'at a'zolari hamda TIKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari va mehmonlar ishtirokida 2010 yildan buyon TIKA tomonidan amalga oshirilib kelinayotgan muhim loyihalardan biri “Mobil Klinika” transport vositalari loyihasining davomi sifatida amalga oshirilgan, tibbiy anjom va uskunalar bilan jihozlangan 10 dona Mobil klinik transport vositalarini “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining turli viloyatlardagi ijtimoiy-patronaj brigadalariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tadi.

8 aprel kuni Serdar Cham va TIKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari professor Suleyman Qiziltoprak hamda O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi vakillaridan iborat delegatsiya Buxoro shahriga tashrif buyurishadi. Tashrif davomida TIKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan ta'mirlash va jihozlash ishlari olib borilgan Buxoro shahridagi 32-sonli Mehribonlik uyida bo‘lishadi.

Shuningdek, tashrif davomida Serdar Cham Samarqand va Termiz shaharlarida ham bo‘lib, u yerdagi turli tarixiy-madaniy obidalarni ziyorat qiladi.

Ma'lumki, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish Agentligi – TIKA, Turkiya respublikasi bosh vazir devoni huzuridagi texnikaviy yordam ko‘rsatish tashkiloti bo‘lib, 1992 yilda tashkil topgan.

Hozirda TIKA tashkilotining Yevropa, Osiyo va Afrika qit'alarining 140ga yaqin mamlakatda, 50dan ortiq vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

TIKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi O‘zbekiston va Turkiya hukumatlari o‘rtasida imzolangan “Hamkorlik shartnomasi” doirasida 1994 yilning 20 may kuni ochilgan bo‘lib, O‘zbekistondagi turli tashkilot va idoralar bilan iqtisodiy, texnikaviy, ijtimoiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyiha va dasturlarni amalga oshirib kelmoqda.

TIKAning O‘zbekiston Respublikasidagi faoliyati hozirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi bilan 2004 yilning 4 noyabr kuni imzolangan “Hamkorlik shartnomasi” asosida amalga oshirib kelinmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish