Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda aholining tibbiy madaniyatini oshirishga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi
Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida ona va bola salomatligini muhofazalash, reproduktiv salomatlikni asrashda tibbiy patronaj xizmatining rolini oshirish, bu yo‘nalishda joylarda faoliyat yuritayotgan salomatlik sektorlarining ishini yanada ommalashtirish, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish borasidagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, shifokorlar, hamshiralar, mahallalar faollari ishtirok etdi.
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A.Xudoyorov, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Abdurahimova va boshqalar O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatlarini ta'minlash, onalik va bolalikni muhofazalash, sog‘lom avlodni tarbiyalashda muhim omil bo‘layotganini ta'kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2014 yil 1 avgustdagi «2014-2018 yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida»gi qarori va «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi asosida bu yo‘nalishdagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
O‘zbekistonda «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» tamoyili asosida tug‘ruq yoshidagi ayollar, bolalar, o‘smirlar zamonaviy tibbiy-profilaktika yordami bilan to‘liq qamrab olinmoqda.
Aholiga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatishning sifati va samaradorligini yanada yuksaltirishda patronaj xizmati alohida o‘rin tutadi. Bugungi kunda yurtimizda uch mingga yaqin qishloq vrachlik punkti, uch yuz yetmishdan ziyod oilaviy poliklinika xalqimizga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Tizimda yetti mingga yaqin umumiy amaliyot shifokori, o‘n yetti mingdan ziyod patronaj hamshira el salomatligi yo‘lida ish olib bormoqda.
Patronaj hamshiralar zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta'minlanmoqda. Xonadonlarda tibbiy patronaj tadbirini o‘z vaqtida va samarali tashkil etish imkoniyati kengayayotir. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 1 dekabrdagi «Qishloq vrachlik punktlarining patronaj tibbiyot hamshiralarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida patronaj hamshiralar ishi samaradorligi baholanib, munosib rag‘batlantirilmoqda.
2015yil 1 martidan 1 aprelga qadar o‘tkazilgan patronaj oyligi ham tizim rivojiga xizmat qildi. O‘ttiz uch mingdan ortiq tibbiyot xodimi ishtirok etgan ushbu oylik davomida 19 milliondan ziyod aholi, besh yarim milliondan ko‘proq oilaning tibbiy-ijtimoiy holati o‘rganildi.
Inson salomatligini asrashga yo‘naltirilgan bunday ezgu ishlar yildan-yilga kengaymoqda. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan mahallalarda salomatlik sektorlari tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi. Ushbu hamkorlik patronaj tadbirlari jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishda mahalla, xotin-qizlar qo‘mitalari va boshqa nodavlat tashkilotlari salohiyatidan samarali foydalanish imkoniyatini yaratmoqda. Salomatlik sektorlari faoliyatini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda orttirilgan ilg‘or tajribalarni keng yoyish yuzasidan turli tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilmoqda. Mazkur anjumanga ana shunday tanlovlarning viloyat bosqichida g‘olib bo‘lgan eng namunali salomatlik sektorlari vakillari taklif etildi.
Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani “Rabot” mahalla fuqarolar yig‘ini huzurida faoliyat yuritayotgan salomatlik sektori bunga misoldir. “Zarmitan” qishloq vrachlik punkti mudiri, umumiy amaliyot shifokori Sayyora Nurillayeva boshchilik qilayotgan sektorga umumiy amaliyot vrachi, patronaj hamshira, xotin-qizlar qo‘mitalari, mahalla faollari va boshqa davlat hamda jamoat tashkilotlaridan qirqdan ziyod mutaxassis jalb etilgan. Salomatlik sektorining haftalik ish rejasi ishlab chiqilib, shu asosda chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada xonadonlarda sog‘lom turmush tarzini yuksaltirish, aholi, xususan, yoshlarni ommaviy sportga jalb etish, erta va yaqin qarindoshlar nikohining oldini olish, oilalarda tibbiy-ijtimoiy, psixologik muhitni mustahkamlashda salmoqli natijalarga erishilmoqda.
Anjumanda «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» milliy modelini izchillik bilan hayotga tatbiq etish, aholining reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, xalqimizga tibbiy-profilaktika yordami ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan ma'ruzalar tinglandi. Salomatlik sektorlarining ilg‘or tajribalari ommalashtirildi. Patronaj ishlarini amalga oshirishda tibbiyot muassasalari va jamoat tashkilotlari hamkorligini yanada kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.