Jahon | 08:06 / 08.04.2016
1305
2 daqiqa o‘qiladi

Meksikada jinoiy to‘da savodsizligi tufayli qo‘lga tushdi

Meksikadagi jinoiy to‘dalardan biri a'zolarining savodsizligi ularning jinoiy faoliyatiga chek qo‘ydi, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligi.

4 nafar jinoyatchi "chiroyli" reja tuzdi: ular bir mashinani politsiya avtomobili ko‘rinishga keltirib, politsiyachilar kiyimini kiyib, hech narsadan xabari yo‘q haydovchilarni tunamoqchi bo‘lishdi.

Aytildi – qilindi. Biroq jinoyatchilarning "ulkan rejalari" amalga oshmay qoldi. Jinoyatchilar badiiy nuqtai nazardan politsiya mashinasini bekamu-ko‘st ko‘rinishga keltirdilar – bo‘yoqlar ham bir tekis o‘tirdi, orqa eshikka politsiya emblemasi tasvirini ham tushirish esdan chiqmadi. Biroq jinoyatchilar mashinaning oldi eshigidagi Division Fuerza ("Kuch bo‘linmalari") yozuvini yozishda "qovun tushirdilar": ular Division so‘zidagi "s" o‘rniga "c" yozib, so‘zni Divicion tarzida noto‘g‘ri yozishdi. "Soxta" politsiya mashinasi oldidan haqiqiy patrul mashinasida politsiyachilar o‘tib ketayotganlarida ularning bu xatolikka ko‘zlari tushdi.

Omadsiz jinoyatchilar darrov qo‘lga olindi. Bu Meksikadagi jinoyatchilik darajasi yuqori bo‘lgan Michoakan shtati trassasida sodir bo‘ldi. Endi jinoyatchilar ancha vaqt turmada o‘tirishlariga to‘g‘ri keladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish