Volvo XC90 boshqa mashinalarning quvvatini "o‘g‘irlash"ni o‘rgandi
Volvo kompaniyasining shimoliy Amerikadagi sho‘'ba korxonasi XC90 krossoverining gibrid rusumi reklama roligini namoyish etdi. U, "Highway Robbery" (katta yo‘ldagi o‘g‘irlik) deb nomlangan.
Amerikaning Grey agentligi bilan hamkorlikda olingan videolavhada, gibrid mashina benzinda ham, elektr yordamida hamda boshqa mashinalar hisobiga yura olishi da'vo qilingan.
Volvo va Grey peristaltik nasos kabi ishlaydigan tizim yaratishdi. Uning asosiy tarkibiy qismi ichiga suv to‘ldirilgan plastik quvurli yumshoq polotnodan iborat.
Mart oyi oxirida polotno Kaliforniya janubidagi yo‘llardan biriga yotqizilgan. Avtomobillar undan o‘tganda, suyuqlik to‘ldirilgan quvurlar siqilgan, natijada gidravlik energiya elektr energiyasiga aylantirilgan. Hosil bo‘lgan elektr manbaidan Volvo XC90 batareyalarini quvvatlantirishgan.
Yo‘l yoqasida shuningdek, avtomobilni elektr bilan ta'minlagani uchun har bir haydovchiga minnatdorchilik bitilgan raqamli tablo ham o‘rnatildi.
Volvo XC90 yo‘ltanlamasining gibridli modeliga 320 ot kuchiga ega 2 litrli turbinali benzin motori va 87 ot kuchiga ega elektr dvigateli o‘rnatilgan. Elektr motori 9,2 kilovatt-soat quvvatli litiy akkumulyatori yordamida ishlaydi.