Sport | 21:41 / 10.04.2016
1149
3 daqiqa o‘qiladi

Raneri «Lester» futbolchilariga orzu qilishni taqiqladi

«Lester» jamoasi bosh murabbiyi Klaudio Raneri «Sanderlend»ga qarshi o‘yindan (2:0) keyin intervyu berdi.

«Biz bu o‘yin oson kechmasligini yaxshi bilardik. Axir «Sanderlend» ligada qolish uchun kurash olib bormoqda. Men yana 3 ochko olganimizdan xursandman. «Lester» mustahkam himoyaga asoslangan o‘ziga xos o‘yinini namoyish etdi. Albatta, raqib o‘yin davomidagi harakatlari orqali durangga loyiq edi. Lekin bizda ham o‘yinni tezroq hal qilish uchun 3 yoki 4ta vaziyat bo‘lgandi.

Vardining gol urishi muhim edi. O‘tgan o‘yinlarda Jyeymi sheriklarini to‘p bilan ta'minlab berayotgandi, ammo u bizning to‘purarimiz, u mavsum goleadori bo‘lishi kerak. Shuning uchun Vardi yana gol urishi kerak edi va bundan keyingi o‘yinlarda ham gol urishda davom etishi kerak. Men uning shaxsiy natijasi yaxshilanganidan xursandman.

Muxlislar orzu qilishda davom etishi mumkin, ammo futbolchilar xayollarga berilmasdan, diqqatni bir joyga jamlagan holda ishlashda davom etishi kerak. Hozir «Lester»ni o‘ta qiyin kechishi aniq bo‘lgan uydagi 2ta o‘yin kutib turibdi («Vest Hem» va «Suonsi» - tahririyat). Kun tartibidagi maqsadimiz – Chempionlar ligasi yo‘llanmasini ta'minlash. Hali «Lester» hech qanday muvaffaqiyatni naq qilgani yo‘q.

Biz xotirjamlik ko‘rsatishda davom etishimiz, kuchli va o‘zimizga ishongan holda yo‘limizni davom ettirishimiz kerak. Men o‘z ichimdagi hissiyotlarim uchun ishlamoqdaman, bu hissiyotlarni sizga tushuntirib berishim qiyin.

Bugun jamoam bir qator xatolarga yo‘l qo‘ydi, barcha e'tiborni shunday xatolarni takrorlamaslikka qaratishimiz kerak», – deydi italiyalik murabbiy.

«Lester» safarda «Sanderlend»ni yengish orqali o‘z tarixida ilk marta ketma-ket 5 o‘yinda g‘alaba qildi.

Endilikda jamoa hisobidagi ochkolar soni 72ta va "tulkilar" eng yaqin ta'qibchisi «Tottenhem»ni 10 ochkoga ortda qoldirmoqda. «Lester» keyingi 5ta o‘yinda dastlabki 3tasida g‘alaba qozonsa, keyingi turlarda qanday natijalar qayd etilishidan qat'i nazar mavsum chempioniga aylanadi.

«Lester»ning jasorati: Raneri xotirasida mavsumning birinchi kunlaridan bugungacha

Klaudio Raneri «Lester»ning mavsum yakunidagi maqsadini aytdi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish