O‘zbekiston | 19:47 / 11.04.2016
1546
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston kompaniya va korxonalari Ashxobodda o‘tgan xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etdi

Joriy yilning 7-9 aprel kunlari Turkmanistonning Ashxobod shahrida “Turkmen Build – 2016” qurilish mahsulotlari xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning kompaniya va korxonalari o‘z mahsulot va xizmatlari bilan ishtirok etdi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.

“Turkmen Build” xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston, Germaniya, Gretsiya, Xitoy, Hindiston, Rossiya, Belarus, Eron, Qozog‘iston kabi yigirmadan ziyod mamlakatdan ikki yuzdan ortiq firma va kompaniya ishtirok etdi. Forumda qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida eng so‘nggi yutuqlar namoyish etildi. Unda zamonaviy qurilish materiallari va texnologiyalar, arxitektura va dizayn, loyihalashtirish, sohada kadrlar tayyorlash, duradgorlik buyumlari, elektr tarmoqlari mahsulotlari kabi yo‘nalishlarga oid o‘nlab bo‘limlar ishladi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan ma'lum qilishlaricha, mazkur xalqaro ko‘rgazmada mamlakatimizning qurilish sohasida ish yurituvchi o‘ndan ziyod xususiy kompaniyasi ishtirok etgan. Ko‘rgazma qatnashchilari O‘zbekiston milliy stendida yurtimizning qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish borasidagi salohiyati va imkoniyatlari, taklif etilayotgan xizmatlar bilan tanishgan.

Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston kompaniyalari turli mamlakatlarning nufuzli firma va kompaniyalari bilan sohada hamkorlik o‘rnatish va rivojlantirishga kelishib olgan. Tadbirkorlarimiz tomonidan jami o‘n besh million dollarlikdan ziyod eksport shartnomalari imzolangan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish