Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shvetsiyada mamlakatga ko‘p sonda qochqinlar kelgani sababli individual identifikatsion raqam tugab qoldi
Shvetsiyada mamlakatga ko‘p sonda qochqinlar kelgani sababli "shaxsiy raqam" deb ataluvchi individual identifikatsion raqam (IIR) tugab qoldi. Shvetsiyada bu raqam milliy iftixor predmeti hisoblanadi. Shvetsiya birinchilardan bo‘lib o‘z fuqarolariga IIR berishni 1974 yildayoq kiritgan. Ayni vaqtgacha tizim soz ishlab kelayotgan edi, biroq raqamlar yetishmayotgani bilan bog‘liq muammolar vujudga keldi.
Amaldagi IIR 10 ta raqamdan iborat bo‘lib, uning birinchi 6 raqami shaxsning tug‘ilgan sanasini, qolgan to‘rttasi esa jins kabi qo‘shimcha ma'lumotni saqlovchi "nazorat soni"dan iborat. 1991 yilgacha shaxsiy raqam bo‘yicha uning egasining tug‘ilgan joyini (ma'muriy birlikni) ham bilish mumkin bo‘lgan.
Tizim boshidan kuniga yangi tug‘ilganlarga mingta shaxsiy raqamni berishga mo‘ljallangan bo‘lgan. Bu miqdor yetarlicha zaxira bilan berilgan, chunki hozirda Shvetsiyada kuniga o‘rtacha 500 nafar chaqaloq dunyoga keladi. Biroq hech kim Shvetsiya Yevropada aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan muhojirlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni egallashini xayoliga keltirmagandi. Bundan tashqari, shaxsiy raqamni beruvchi Soliq boshqarmasida ta'kidlanishicha, Shvetsiyaga kelayotgan qochqinlarning vatanlarida fuqarolarni hisobga olish tizimi yaxshi rivojlanmagan.
Ko‘plab muhojirlar o‘z haqlarida istalgancha ma'lumotlarni beradilar va ularga ishonishga to‘g‘ri keladi. Misol uchun, bir necha yillar davomida mamlakatga kelgan afg‘onistonlik va eronliklar o‘zlarining tavallud sanalari sifatida 21 mart – Navro‘z nishonlanadigan kunni aytishgan.
Shaxsiy raqamlar bilan bog‘liq muammo haqida 2007 yildayoq gapirila boshlangan. Endi bo‘lsa bu haqda baralla bong urilmoqda. Tizimga raqam yetishmayapti. "Agar tug‘ilgan kun 1 yanvar bo‘lsa, lekin raqam tugagan bo‘lsa, endi 2 yanvar deb yozamiz, agar uniyam yoza olmasak, 3 yanvar deb yozamiz va h.k.", deb vaziyatni tushuntirmoqda Soliq boshqarmasi xodimi Ingegerd Videl "Dagens nyuxeter" gazetasiga bergan intervyusida. Biroq fuqaroning tug‘ilgan kuni Shvetsiyada muhim ko‘rsatkich hisoblanadi: unga saylovlarda ishtirok etish huquqi, spirtli ichimlik xarid qilish, haydovchilik guvohnomasini olish bog‘liq.
Vaziyat shaxsiy raqamga yana bitta raqamning qo‘shilishi bilan hal qilinishi mumkin edi (1967 yilda IIR 9 ta raqamdan iborat bo‘lgandan shunday qilingan), biroq buni mamlakat doirasida amalga oshirish juda qiyin kechishi ta'kidlanmoqda.
Shvetsiyaning aholini hisobga olish modeliga butun dunyoda qiziqish bilan qaraladi, biroq mahalliy mutaxassislar uning kamchiliklari borligini aytishadi. "Biz Shvetsiyada mavjud tizimdan o‘rnak olmaslikni tavsiya qilamiz", deb aytmoqdalar ular.